"O'zkimyosanoat" AJ

“Hududning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihalari” tanlovida “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimidagi xotin-qizlar ham faol ishtirok etmoqda

// 16.10.2026
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/hududning-eng-yaxshi-100-ta-innovatsion-loyihalari-tanlovida

 
Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida xotin-qizlarning innovatsion faolligini qoʻllab-quvvatlash, ularning ilmiy va innovatsion salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadida “Hududning eng yaxshi 100 ta innovatsion loyihalari” tanlovi oʻtkazilmoqda.

Tanlovda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida faoliyat yuritayotgan ixtirochi xotin-qizlar ham oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi. Ularning ilmiy izlanishlari, yangi gʻoyalari va amaliy ishlanmalari sohada innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish, ilmiy salohiyatni ishlab chiqarish bilan uygʻunlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tanlov uchun maxsus platformaga joylashtirilgan loyihalar turli soha mutaxassislari va ilm-fan namoyandalaridan iborat ekspertlar tomonidan oʻrganilib, 10 ta yoʻnalish boʻyicha saralangan.

Tanlov yakuniga koʻra, eng yaxshi deb topilgan TOP-100 ta loyiha muallifi sertifikatlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Gʻoliblarni taqdirlash marosimi 2026-yil 27–29-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan “InnoWeek.Uz–2026” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida tashkil etiladi.