"O'zkimyosanoat" AJ

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoq korxonalari Afg'onistonga mineral o'g'itlar eksport qiladi

// 06.09.2019
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/export-afghanistan

O'zbekiston Respublikasi delegatsiya a'zolari Afg'oniston Islom Respublikasiga ikki davlat o'rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda hamkorlik aloqalarini o'rnatish maqsadida xizmat safarida bo'lib qaytdi. Delegatsiya tarkibida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati vakillarining ishtiroki qo'shni respublika bilan qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qildi.

Muzokaralar Qobul shahridagi Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti qarorgohining “Koti-Boxcha” zalida bo'lib o'tdi.

Muzokarada Afg'oniston Islom Respublikasining Prezidentining maslahatchilari, Moliya vaziri, Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari, Savdo-sanoat vaziri o'rinbosari, Transport vaziri o'rinbosari hamda  bir qator vazirlik va idoralarning mutassaddi vakillari hamda O'zbekiston delegitsiyasi a'zolari savdo-sanoat, yog'-moy, bojxona, transport va qishloq xo'jaligi masalalari bo'yicha muhokamalar olib bordi.

Afg'oniston Islom Respublikasining Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Shavkat Sohib tomonidan 10 ta muhim yo'nalish bo'yicha hamkorlikda ishlash yuzasidan taklif bildirildi. Jumladan, O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mineral o'g'itlar va pestitsidlarni mamlakat qishloq xo'jaligida qo'llash masalasida qizg'in muhokamalar bo'lib o'tdi.

Muhokama yakuniga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasi vakillari mineral o'g'itlar va pestitsidlarni yetarli miqdorda va kelishilgan narxlarda Afg'onistonga yetkazib berilishi yuzasidan shartnoma imzoladilar.

Shartnoma shartlari O'zbekiston Respublikasi hamda Afg'oniston Islom Respublikalari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish bo'yicha imzolangan bayonda aks ettirildi.

Bundan tashqari, olib borilgan muzokara va uchrashuvlar davomida Afg'onistonning xususiy sektori, ya'ni  tadbirkorlari ishtirokida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoq korxonalarida ishlab chiqariladigan mahsulotlarining prezentatsiyasi tashkil qilindi va tarqatma materiallar tarqatildi.

Muzokaralar yakunida Afg'oniston tadbirkorlari va “O'zkimyosanoat” AJga qarashli “O'zkimyoimpeks” MChJ o'rtasida 2019-2020 yillarda jami 35154,8 tonna mineral o'g'itlarni yetkazib berish bo'yicha 10209,9 ming AQSh dollarilik uchta shartnoma imzolandi.

Kelgusida “O'zkimyosanoat” AJga qarashli korxonalarda ishlab chiqariladigan eksportbop mahsulotlarni Afg'oniston Islom Respublikasida yanada ham kenroq targ'ibot qilish maqsadida O'zbekistonning Afg'onistondagi elchixonasiga video va prezentatsiya materaillari taqdim etildi. 

 “O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati