"O'zkimyosanoat" AJ

“Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostidagi ko'kalamzorlashtirish loyihasining ilk tadbiri tashkil etildi

// 02.03.2020
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/environment0103

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimidagi korxona va tashkilotlar hamda ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida ko'kalamzorlashtirish loyihasini tashkil etish belgilandi hamda loyihasi yuqori saviyada o'tkazish maqsadida joriy yilning mart oyi “O'zkimyosanoat” AJ tizimida “Ko'kalamzorlashtirish oyligi” deb e'lon qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi   “2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi PF-5863-sonli farmoni ijrosini ta'minlash hamda “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxona va tashkilotlar hamda ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida ko'kalamzorlashtirish loyihasidan ko'zlangan asosiy maqsad korxona-tashkilotlar joylashgan hudud ekologik holatini yanada yaxshilashga ko'maklashish hamda atrof-muhitni manzarali daraxtlar bilan boyitish hisoblanadi.

Loyiha doirasida “O'zkimyosanoat” AJ tizimidagi tarmoq korxona va tashkilotlar tomonidan daraxt va manzarali ko'chatlar ekish belgilangan. Ilk ko'chat ekish tadbiri joriy yilning 1 mart kuni Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida joylashgan “Ammofos-Maxam” AJ hamda viloyatning Angren shahrida joylashgan “Birinchi rezinotexnika” MChJda o'tkazildi.

“Ammofos-Maxam” AJ tomonidan loyiha davomida 8050 dona daraxt va 36000 dona manzarali ko'chatlar hamda gullar ekiladi. “Birinchi rezinotexnika” MChJ tomonidan esa 1000 dona daraxt va 300 dona manzarali ko'chatlar ekildi.

Tadbirda “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi J.Mirzamaxmudov, korxonalar tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar, mas'ul xodimlar hamda ommaviy axborot vositasi vakillari ishtirok etdi.

Bugungi kunda “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibida 16 ta yirik va o'rta kimyoviy korxonalar faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Ular tomonidan jami 180 tadan ortiq nomdagi kimyoviy mahsulotlar, shu jumladan, 90 ga yaqin turdagi yangi, mahalliy va xorijiy iste'molchilar tomonidan talab etilayotgan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Tashkilot tomonidan mamlakatimiz kimyo sanoatini yanada isloh qilishga qaratilayotgan barcha loyihalarning asosiy maqsadi, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini qo'llash orqali, energiya resurslarini tejash va atrof-muhitni ifloslantirilishini oldini olishdan iboratdir.

Jumladan, tadbirning ochilish marosimida so'zga chiqgan “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi J.Mirzamaxmudov, O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat Qo'mitasi bilan kelishilgan, “2019-2022 yillar davomida “O'zkimyosanoat” AJ korxonalari tomonidan atrof-muhitga zararli tashlanmalar va ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish chora-tadbirlari” rejasining bajarilishi natijasida tarmoq korxonalari tomonidan atmosferaga zararli moddalar tashlanmalari 2018 yilga nisbatan 413,8 tonnaga kamaytirilganligini ta'kidlab o'tdi.

Chora-tadbirlar rejasiga ko'ra, “Ammofos-Maksam” AJ tomonidan sexlarni rekonstruktsiya va modernizatsiya qilish hisobiga yiliga 36,6 tonna ammiak va 3,4 tonna vodorod ftoridni kamaytirishga erishildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida “O'zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida 2020-2022 yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish” bo'yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat Qo'mitasi bilan kelishildi.

Unga ko'ra, tarmoq korxonalarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbaalaridan namunalar olish va tahlil qilish, shuningdek, ularga tutash hududlarda statsionar avtomatik kuzatish postlari bilan bosqichma-bosqich jihozlash, suv tozalash inshootlarini va texnologik jarayonlarni rekonstruktsiya xamda modernizatsiya qilish ishlarini olib borish natijasida atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli tashlanmalar, suyuq va qattiq chiqindilarni 20% kamaytirish ko'zda tutilgan.

Shuningdek, “O'zkimyosanoat” AJ tomonidan yuqorida sanab o'tilgan amaliy ishlar bilan bir qatorda kelajak avlodga ekologik jihatdan sof tabiatni qoldirish, atrof-muhit himoyachisi bo'lgan yashil hududlarni yanada kengaytirishga qaratilgan mart oyi davomida o'tkaziladigan “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida ko'kalamzorlashtirish loyihasi ham amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida tashkilot tizimidagi korxonalar tomonidan 60 mingdan ortiq daraxtlar va 80 mingdan ortiq manzarali ko'chatlar hamda gullar ekilishi rejalashtirilgan.

Dunyo miqyosida kuzatilayotgan global isish sabablaridan biri tropik o'rmonlarni yo'q qilish orqali yaratilgan ortiqcha issiqxona gazlari hisoblanadi. Karbonat angidrid esa (CO2) asosiy issiqxona gazlaridan sanalanadi. Daraxtlar fotosintez jarayonida ushbu zararli CO2ni kislorod aylantiradi. Ma'lumotlarga ko'ra, bir yil davomida 4047 kv. m. hududga ekilgan katta daraxtlar 42000 km masofani bosib o'tgan avtomobil tomonidan hosil bo'ladigan CO2 miqdorini zararsizlantiradi.

Shuningdek, yashil daraxtzorlar aholi punktlarining sanitar-gigienik sharoitlarini yaxshilovchi vosita (havoning tarkibini yaxshilash, uni kasallik keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlardan tozalash, chang, gaz, sanoat chiqindilaridan himoya qilish) ham hisoblanadi. Daraxt va buta o'simliklari shovqinni o'ziga singdiradi. Bu esa shahar sharoitida, ayniqsa, muhimdir. Hiyobon va bog'lar esa odamlarga estetik zavq bag'ishlaydi, asab sistemasini tinchlantiradi va sevimli dam olish maskani bo'lib xizmat qiladi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati