"O'zkimyosanoat" AJ

Dual taʼlim – malakali oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlashning samarali modeli

// 22.12.2025
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/dual-ta-lim-malakali-o-rta-bo-g-in-kadrlar-tayyorlashning-sa

Iqtisodiyot tarmoqlarini malakali oʻrta boʻgʻin kadrlari bilan taʼminlash, ishchi kasblarga boʻlgan yuqori talabni qondirish maqsadida “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan dual taʼlim tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda bugun D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filialida Angren texnologiya texnikumi oʻqituvchilari va taʼlim ustalari uchun “Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish, boshqarish hamda zamonaviy taʼlim metodlari va metodologiyasi” mavzusida 3 kunlik oʻquv seminari boshlandi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarga dual taʼlim tizimini samarali joriy etish va rivojlantirish boʻyicha ilgʻor tajribalar taqdim etiladi. 

Jumladan, Toshkent kimyo-texnologiya institutida dual taʼlim tizimini joriy etish va rivojlantirish tajribasi, ishchi kasblarga boʻlgan ehtiyoj va zamonaviy mehnat bozori talablari, shuningdek, kimyo texnologiyasi sohasida zamonaviy metod va tahlillardan foydalanish masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti — “MISiS”ning Olmaliq shahridagi filiali bilan “Olmaliq KMK“ AJ o'rtasidagi dual taʼlim tajribasi boʻyicha amaliy tahlillar oʻtkaziladi.

Ushbu oʻquv seminari taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy talablarga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.