“O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruv raisiga biriktirilgan Dehqonobod tumanidagi og‘ir toifadagi mahallalarda dastlab xonadonlar kesimida to‘liq xatlov jarayonlari olib borildi. Aholi vakillari bilan sayyor qabul va uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, hududlardagi boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga tomorqachilikni rivojlantirish uchun kartoshka urug‘i yetkazib berish maqsad qilindi.
Tuman mahallalarida ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazildi. Ularda “O‘zkimyosanoat” AJ mas’ullari va tuman hokimi o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.
Ehtiyojmand xonadonlardagi mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash maqsadida mini motokultivator, qo‘shimcha daromad manbai yaratish maqsadida har bir xonadon salohiyatidan kelib chiqib, parrandachilikni rivojlantirish, iqtisodiy imkoniyati yetarli bo‘lmagan oilalarning ta’lim olayotgan farzandlariga moliyaviy ko‘maklashish, xorijiy tillarga o‘rgatish oraqali tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish masalalariga e’tibor qaratildi.
Jumladan, xonadonlarning qo‘shimcha daromad manbaini yaratish uchun jami 16 ta xonadonga motokultivator, 24 ta xonadonga payvandlash apparati taqdim etildi. Bundan tashqari 10 ta xonadonga overlok, 30 ta xonadonga tikuv mashinasi olib berilib, MFY binosining bo‘sh xonasida kooperatsiya asosida tikuvchilik sexi ishga tushirildi. 30 ta xonadonga elektr pechlar taqdim etildi. 30 ta xonadon uchun 20 dona issiqxona va 10 dona baliqxona qurilishi uchun texnika ajratildi. 6 ta artezian quduqdan suv chiqarib, quvur orqali yetkazib berish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, 40 ta turmush sharoiti og‘ir oila vakillari tikuvchilikka o‘qitilmoqda, qo‘shimcha daromadga ega bo‘lmagan 100 ta oila farzandlari xorijiy tillarga, 30 ta oila vakillarining IT kurslarida o‘qitilishi uchun shart-sharoitlar yaratildi.
Olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 520 ta xonadonga yordam ko‘rsatilib 244 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati