"O'zkimyosanoat" AJ

“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida yangi rezident yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradi

// 16.01.2025
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/chirchiq-kimyo-industrial-texnoparkida-yangi-rezident-yangi-

Bugun “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida “DHMT GLOBAL” xorijiy korxonasining “Ochiq eshiklar kuni" tadbiri bo'lib o'tdi. 

Koreya Respublikasining “DH MEDIA TECH” kompaniyasi negizida tashkil etilgan “DHMT GLOBAL” MChJ xorijiy korxonasi 2024-yil dekabr oyida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki rezidenti sifatida oʻz faoliyatini boshladi. Korxona Oʻzbekistonda ilk bor import oʻrnini bosuvchi yangi turdagi audio tizimlar va ovoz kuchaytirish moslamalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz,  “DH MEDIA TECH” kompaniyasi 1994-yildan buyon “Komt” brendi ostida audio tizimlar, jumladan, mikrofon, kolonka, ovoz kuchaytirish moslamalari, audio miksherlar, konferensiya tizimlari, audio ekvalayzerlar, DJ va ovoz yozish uskunalari, radio tizimlar kabi oʻndan ortiq mahsulotlar ishlab chiqaradi. 

Bugungi kunda loyiha doirasida 2 mln AQSH dollari qiymatidagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi va 30 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. 

Mamlakatimizda ilk bor mahalliy brend ostida audio tizimlar – mikrofon, kolonka, ovoz kuchaytirish moslamalari kabi bir qator yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

“Ochiq eshiklar kuni”ga  idora va tashkilotlarning audio tizimlar bilan shugʻullanuvchi vakillari hamda tadbirkorlik subyektlari taklif qilindi. Tadbir doirasida taklif etilganlar korxona tomonidan import oʻrnini bosuvchi audio tizimlar ishlab chiqarish texnologik jarayonlari bilan tanishtirildi, shuningdek, taqdimotlar oʻtkazildi.  

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati