"O'zkimyosanoat" AJ

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJning 100% ulushi Rossiyaning “Tatneft” OAJga sotilganligi yuzasidan rasmiy ma’lumot

// 27.01.2023
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/brz-rasmiy-malumot

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-oktabrdagi PQ-388-son qaroriga asosan “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJning 100% ulushi katta toʻrtlikka kiruvchi (The Big Four) “Deloitte” kompaniyasi tomonidan oʻrganib chiqildi va barcha kredit majburiyatlari hamda mavjud qarzdorliklar inobatga olingan holda “Deloitte” kompaniyasi tomonidan zavod qiymati 843 mlrd soʻmga (ekv. 75,0 mln AQSh dollari) baholandi.

Maʼlumot uchun: 31.12.2022 holatida “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJning 91,8 foiz ulushi “Oʻzkimyosanoat” AJga va 8,2 foiz ulushi “Oʻzkimyoimpeks” MChJga tegishli edi. Shuningdek, mazkur korxonaning jami 153 mln AQSh dollariga teng kredit majburiyatlari hamda qarzdorligi mavjud.

2022-yilning 1-2-dekabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Rossiya biznes-forumi doirasida olib borilgan muzokaralar natijasiga koʻra Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasi bilan “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJning 100 foiz ulushini mavjud barcha kredit majburiyatlari va qarzdorliklarni oʻz zimmasiga olgan holda, kelgusida korxonada yangi turdagi rezinotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish sharti bilan 80,0 mln AQSh dollariga sotib olinishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

2023-yilning 20-yanvar sanasida “White & Case” xalqaro yuridik kompaniyasi ishtirokida “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJni Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasiga sotish yuzasidan “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzkimyoimpeks” MChJ hamda “Tatneft” OAJ oʻrtasida oldi-sotdi shartnomasi imzolandi.

Shuni ham ta’kidlab oʻtish lozim, koʻplab OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ Rossiyaning “Tatneft” OAJ kompaniyasiga 826 million soʻmga sotilganligi yuzasidan haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan xabarlar e’lon qilinmoqda. Bunga esa www.openinfo.uz saytiga notoʻgʻri raqamlar aks etgan ma’lumotlar joylashtirilganligi sabab boʻlgan. Hozirda www.openinfo.uz saytiga ma’lumotlarni joylashda yoʻl qoʻyilgan xatolik bartaraf etilib, toʻgʻri ma’lumotlar joylandi.

 

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati