"Oʻzkimyosanoat" AJ va tarmoq korxonalari oʻz faoliyati davomida ekologik barqarorlikni taʼminlash va atrof-muhitni muhofaza qilishni ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilagan. Bu borada ekologik talablarga rioya etish, ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy va ekologik xavfsiz texnologiyalardan foydalanish, chiqindilarni kamaytirish hamda qayta ishlashni yoʻlga qoʻyish orqali tabiatga boʻlgan taʼsirni minimallashtirish yuzasidan aniq va amaliy choralar koʻrib kelmoqda.
Xususan, shu yilning yanvar-avgust oylarida mazkur yoʻnalishda jami 68 ta tadbir amalga oshirilishi natijasida atmosferaga tashlanmalar 8,1 ming tonnaga kamaytirildi. 426 tonna chiqindilar hosil boʻlishi oldi olindi, 17,5 ming tonna chiqindi utilizatsiya qilindi, 204 ming m3 oqova suv tashlamalari qisqarishiga, 33,0 ming m3 ichimlik suvi va 318,5 ming m3 artezian suvi iqtisod qilinishiga erishildi.
Korxonalarda atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar tashlanmalari manbalaridan namunalar olish va tahlillar oʻtkazish boʻyicha doimiy nazorat olib boruvchi avtomatik stansiyalarni va statsionar postlar xarid qilish hamda oʻrnatish yuzasidan amaliy harakatlar olib borilmoqda.
Masalan, bunday uskunalar “Navoiyazot” AJda 3-, 23- va 25-sexlarga oʻrnatilgan boʻlib (test rejimida) ishlamoqda. Bundan tashqari hududiy ekologiya boshqarmasining yagona geoaxborot tizimiga integratsiyalash ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga ayni paytda jamiyat mutaxassislari 8 ta manzilga ana shunday nazorat uskunalarini joylashtirdilar. Ular orqali havo tarkibidagi gazlarning miqdori, inson salomatligiga taʼsiri, ifloslanish manbalari aniqlanadi. Bu esa Navoiy shahridagi sanoat, ishlab chiqarish korxonalarining qay darajada ekologik standartlarga rioya qilayotganini oʻrganish va amaliy chora-tadbirlar koʻrishga xizmat qiladi.
“Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ XKga ham statsionar postlar olib kelindi hamda Elobod shaharchasiga oʻrnatilib, joriy yil iyun oyining birinchi yarmida uskuna ishga tushirildi. “Qizilqum fosforit kompleksi” MCHJ avtomatik gaz tahlil qilish uskunalari, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJda ekopostlar oʻrnatildi. Ularning barchasini Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi Vazirligining yagona geoaxborot tizimiga integratsiyalash ishlari olib borilmoqda.
“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati