Bugun 11 sentabr kuni “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatida yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olish yuzasidan 2020-2021 yillarga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash bo'yicha yig'ilish o'tkazildi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi mas'ul xodimi, “O'zkimyosanoat” AJ Boshqaruv raisi o'rinbosarlari, departament va boshqarma boshliqlari ishtirok etdi.
Tadbirda so'z olgan Hisob palatasi mas'ul xodimi K.Erimetov mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot va korruptsiyaga qarshi muvofiqlik tizimini belgilangan muddatlarda joriy qilish, soha faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qo'llash orqali “inson omilini” qisqartirish yuzasidan amaliy choralarni ko'rish, shuningdek, xodimlar orasida korruptsiyaga qarshi muhitni shakllantirish hamda ichki nazorat tizimi faoliyatini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etayotganligiga to'xtalib o'tdi.
Shu o'rinda ta'kidlab o'tish lozimki, korruptsiyaga qarshi kurashish borada tashkilot tomonidan sayi-harakatlar boshlangan va joriy yil boshidan BMT Taraqqiyot dasturining “O'zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korruptsiyaga qarshi kurashish” loyihasi doirasida “KPMG” xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi ekspertlari bilan komplaens nazorat tizimini joriy etilishi yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ichki me'yoriy hujjatlarning loyihalari tayyorlandi va mazkur xujjatlar “O'zkimyosanoat” AJ mas'ul xodimlari tomonidan to'laqonli o'rganilib, bugungi kunda ularni amaliyotga tatbiq etish ishlari olib borilmoqda.
Tadbir yakunida “Yo'l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini o'z vaqtida va samarali ta'minlash bo'yicha kelishib olindi.
“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati