"O'zkimyosanoat" AJ

“Oʻzkimyosanoat” AJ va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJlarining rasmiy bayonoti

// 22.09.2023
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news/82ce04cb-f7b0-40f5-a832-68ea3752ac5a

Ijtimoiy tarmoqlar va telegram kanallarda eʻlon qilingan Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ shlam yigʻish havzalaridan kislotali tuz aralashmasi sizib chiqayotganligi va bu holat korxona atrofidagi chorva suv ichadigan buloqlarni zararlayotganligi haqida murojaat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Murojaat eʻlon qilingandan soʻng Jamiyat masʼul xodimlari tomonidan shu kunning oʻzida joylarga chiqib vaziyat oʻrganildi. Vaziyatni oʻrganish jarayonida jamiyatga tegishli boʻlgan hududlarda shlam qoldiqlarining sizishi bilan bogʻliq holatlar aniqlanmadi.

Jamiyatga qarashli shlam yigʻish havzalari Xitoyning “CITIC” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qurilish meʼyorlari qoidalariga muvofiq qurilgan va oʻrnatilgan tartibda vakolatli idoralar tomonidan tashkil qilingan komissiyalar tomonidan qabul qilingan. Shuningdek, 1-bosqich doirasidagi shlam yigʻish havzasi toʻlganligi sababli 2022-yil iyul oyida ishlatilishi toʻxtatilgan. Hozirda 1-bosqichdan chiqadigan shlam qoldiqlari 2-bosqich doirasida qurilgan 2 ta maxsus shlam yigʻish havzalariga yoʻnaltirilmoqda.

Shlam yigʻish havzalaridan texnologik suvlar sizishini nazorat qilish maqsadida kuzatuv quduqlari burgʻulangan boʻlib, “Akkreditatsiya” markazining maʼqullash guvohnomasiga ega boʻlgan Ekoanalitika laboratoriyasi tomonidan muntazam ravishda kuzatuv quduqlarida toʻplangan sizot suvlarining kimyoviy ekoanalitik laboratoriya tahlillari va monitoringi olib borilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Hozirgi kunda korxonadagi barcha qurilma va inshootlar toʻliq ishchi holatda va belgilangan koʻrsatkichlardan chetlashishsiz ishlamoqda. Shu bilan birga, Jamiyat tomonidan atrof-muhit muhofazasiga alohida eʻtibor qaratilgan holatda, har qanday zararli tashlanmalarning salbiy taʼsirlarini oldini olish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, yuqoridagi kabi murojaatlar bundan oldin ham kuzatilgan. Murojaatlar asosida vakolatli tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan joylarga chiqqan holda real vaziyat oʻrganilgan va namunalar olinib labaratoriya tekshiruvlari oʻtkazilgan. Natijada murojaatlarda keltirilgan asossiz ayblovlar oʻz isbotini topmagan.

Shuni ham alohida taʻkidlab oʻtish lozimki, “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan tizim korxonalarida atrof-muhit muhofazasiga alohida eʻtibor qaratish, tabiatni asrash, zamonaviy texnologiyalarni jorish qilgan holda, ishlab chiqarish jarayonlari natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararli taʻsirlarni keskin kamaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Oʻzkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati