"O'zkimyosanoat" AJ

“O'zkimyosanoat” AJ “Made in Uzbekistan” Xalqaro milliy mahsulotlar ko'rgazmasida ishtirok etmoqda

// 23.10.2019
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/made-in-uzbekistan-2019

Bugun 2019 yil 23-25 oktabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “O'zekspomarkaz” MKK AJ tomonidan respublika vazirliklari, idoralari va tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” Xalqaro milliy mahsulotlar ko'rgazmasi “O'zekspomarkaz” MKK AJning pavilonlari va ochiq maydonlarida o'z faoliyati boshladi.

“Made in Uzbekistan” Xalqaro milliy mahsulotlar ko'rgazmasida “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati bu yil ham o'z mahsulotlari va ko'rgazmali targ'ibot vositalari bilan ishtirok etmoqda.

Kimyo sanoati O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining yetakchi sohalaridan biri bo'lib, bugungi kunda bir necha yirik ishlab chiqarish zavodlarini hamda korxonalarini o'z ichiga oladi.

“O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimida 13 ta ishlab chiqaruvchi hamda 7 ta xizmat ko'rsatuvchi tarmoq korxonalari mavjud bo'lib, ular tomonidan 170 turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ushbu korxonalarda 35000 dan ortiq xodimlar mehnat qilib kelmoqda.

O'zbekiston Respublikasi kimyo sanoati azot, fosfor va kaliy ishlab chiqarish bo'yicha jahonda 8 o'rinni egallab, ishlab chiqariladigan mahsulotlar xalqaro sifat sertifikatlari talablariga to'liq javob beradi.

“O'zkimyosanoat” AJning asosiy faoliyatlari O'zbekistonda kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishdan boshlab oxirgi iste'molchi talablarini qondirgungacha bo'lgan butun boshli siklni o'z ichiga oladi.

Bugungi kunda soha rivoji yo'lida jahonning bir qator yetakchi kompaniyalar bo'lgan  Krict (Janubiy Koreya), Indorama (Singapur), Mitsubishi Corporation (Yaponiya), Samsung (Janubiy Koreya) va boshqalar bilan hamkorlikda yangi investitsion loyihalar ustida ishlar amalga oshirilmoqda.

2018 yilda 4,2 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo'lsa, bu ko'rsatgich 2019 yilda 6,9 trillion so'mga ya'ni, mos ravishda ishlab chiqarish ko'rsatkichi 108,0 foizga oshishi kutilmoqda.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlar mahalliy talabni qondirishi bilan bir qatorda joriy yilda dunyoning 30 ziyod davlatlariga 300,0 mln. AQSh dollaridan ortiqroq mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.

2018 yilda 46,0 mln. AQSh dollarlik xom-ashyo va tovarlar import qilingan bo'lsa, joriy yilda mahalliylashtirish Dasturi asosida 805,0 mlrd. AQSh dollarlik xom-ashyolar tarmoq korxonalari tomonidan ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yildi.

Ko'rgazmaning maqsadi va vazifalari – mahalliy korxonalarning eksportga yo'naltirilgan mahsulotlarini namoyish etish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni o'rnatish hisoblanadi.

Ko'rgazmada iqtisodiyotning tog'-kon sanoati, neft-gaz sektori, kimyo va farmatsevtika sanoati, avtomobilsozlik va mashinasozlik sanoati, elektrotexnika, qurilish sanoati, to'qimachilik va charm-poyabzal sanoati, qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari, shuningdek, moliya muassasasalari xizmatlari, xalq-amaliy san'ati va O'zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etiladi.

“O'zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmati