"O'zkimyosanoat" AJ

Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo'yicha asosiy vazifalar belgilandi

// 10.01.2019
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/news-uzbekistan/investiciya-loyihalarini-ishlab-chiqish-va-amalga-oshirish-buyicha-asosiy-vazifalar-belgilandi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 8 yanvar kuni joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Unda hukumat a'zolari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Faol investitsiya siyosati barqaror iqtisodiy taraqqiyotga erishishning eng muhim shartlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, deb e'lon qilindi.

2019 yilgi Investitsiya dasturiga 16,6 milliard dollarlik 3 mingdan ziyod loyiha kiritilgan. Bu 2018 yilga nisbatan 16 foiz ko'pdir. Jumladan, joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,2 milliard dollar bo'lgan 140 ta ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Videoselektor yig'ilishida ushbu yirik va muhim loyihalarni o'z muddatida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, xorijiy davlatlar va investorlar bilan faol ish olib borilayotgani natijasida jami investitsiyalarning 25 foizini to'g'ridan-to'g'ri chet el investitsiyalari tashkil etmoqda. Xususan, joriy yilda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 320 ta loyiha doirasida 4,2 milliard dollar o'zlashtirilishi ko'zda tutilgan.

Prezident to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni so'zsiz amalga oshirish, chet ellik investorlarga har tomonlama yordam berish hukumatning eng muhim vazifasi bo'lishi kerakligini ta'kidladi. Investitsiyalarning asosiy qismini o'zlashtirishni yilning oxirgi oylariga surish amaliyotiga chek qo'yib, barcha tarmoqlar va hududlarda buni birinchi yarim yillikda kamida 35 foizga, to'qqiz oylikda 70 foizga yetkazish zarurligi qayd etildi.

Bu boradagi vazifalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari bo'yicha tahlil qilindi. Xorijiy investitsiyalar ulushi o'tgan yilgiga nisbatan kamaygan soha va tarmoqlar ko'rsatib o'tildi. Yil oxiriga qadar qo'shimcha investitsiyalarni jalb qilish, ularni to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarga talab yuqori bo'lgan soha va hududlarga yo'naltirish, ushbu resurslarning o'zlashtirilishini nazoratga olish bo'yicha topshiriqlar berildi.

Yig'ilishda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar hisobiga hududiy loyihalarni amalga oshirish masalasiga alohida e'tibor qaratildi.

Shu boradagi ishlar natijasida o'tgan yili 1 milliard dollardan ziyod investitsiyalar o'zlashtirilgan, 133 ta yangi korxona ishga tushirilgan. Biroq hokimlar va ularning investitsiya bo'yicha o'rinbosarlari ishni tashkil etishda kamchiliklarga yo'l qo'ygani oqibatida Toshkent shahri, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Samarqand, Andijon, Farg'ona, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlarida ayrim ob'ektlar foydalanishga topshirilmay qolgan.

Davlatimiz rahbari bunday loyihalarda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo'yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqish va ijrosini nazoratga olish yuzasidan topshiriq berdi.

Joriy yilda to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar ishtirokida 209 ta hududiy loyiha amalga oshirilib, 1,9 milliard dollar yoki o'tgan yilga nisbatan 2 barobar ko'p mablag' o'zlashtirilishi rejalashtirilgan. Yig'ilishda shu va mamlakatimiz elchilari ko'magida shakllantirilgan qo'shimcha loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga respublika idoralari rahbarlari mas'ul etib biriktirildi.

Endilikda hududlar va tarmoqlarda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ko'lamini kengaytirish, ularni amalga oshirishda qat'iy nazorat mexanizmini o'rnatish uchun yangi tizim tashkil etilishi ma'lum qilindi. Unga muvofiq:

birinchi – viloyat hokimlari har haftada bittadan tuman yoki shaharga borib, elchilar bilan aloqa o'rnatgan holda, u yerga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish choralarini ko'radi. Xuddi shunday tarmoq rahbarlari ham har haftada bitta viloyatga borib, o'sha joydagi korxonalari bilan birga amaldagi loyihalarni bajarishni jadallashtirish va qo'shimcha investitsiya loyihalari bo'yicha ishni tashkil etadi. Zarur hollarda mahalliy rahbarlar va tadbirkorlarga investitsiya loyihalarini ishlab chiqishni o'rgatadi. Bosh vazir va uning o'rinbosari elchilar ishtirokida hududlar va tarmoqlarga jalb qilingan xorijiy investitsiyalarni o'zlashtirish holatini muntazam muhokama qilib boradi. Natijalariga qarab, hokimlar va tarmoqlar rahbarlari rag'batlantiriladi yoki ularga nisbatan ish haqining 50 foizi miqdorida jarima qo'llanadi.

Hududlarga biriktirilgan respublika idoralari rahbarlari viloyat hokimlari va elchilar bilan birgalikda har bir tuman (shahar)da to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish holatini o'rganib, ularning ijrosini jadallashtirish bo'yicha aniq choralar ko'radi. Shuningdek, qo'shimcha loyihalar bo'yicha takliflar ishlab chiqadi va xorijiy investorlarni jalb qiladi.

Ikkinchi – Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi hududlar va tarmoqlarning investitsiya loyihalari bo'yicha takliflarini umumlashtirib, samaradorligini baholaydi va yagona elektron “onlayn” bazani shakllantiradi.

Uchinchi – Tashqi ishlar vazirligi hamda hududlarga biriktirilgan elchilar yagona elektron bazaga kiritilgan loyihalarga xorijiy investorlarni jalb qiladi.

To'rtinchi – Vazirlar Mahkamasi saralab olingan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlar bilan tegishli kelishuvlarni rasmiylashtirish choralarini ko'radi va ijrosini nazoratga olish bo'yicha “yo'l xaritasi”ni tasdiqlaydi.

Shavkat Mirziyoev yangi loyihalarga investorlarni jalb qilishni yanada faollashtirish uchun har yili barcha hududlarda kamida bir marta xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida investitsiya forumlari o'tkazish, shuningdek, xorijdagi yirik xalqaro investitsiya forumlarida yurtimiz tadbirkorlari ishtirokini ta'minlash zarurligini ta'kidladi. Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi va Tashqi ishlar vazirligiga joriy yilda hududlarda tashkil etiladigan investitsiya forumlari reja-jadvallarini shakllantirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.

– Eng muhimi, investitsiya loyihalarini to'g'ri joylashtirish kerak. Bu borada investorlarning yagona talabi – loyiha mo'ljallangan joy zarur infratuzilma tarmoqlariga ega bo'lishidir. Shuning uchun yaqinda urbanizatsiya jarayonini takomillashtirish bo'yicha Prezident qarorini qabul qildik. Bundan asosiy maqsad – infratuzilma mavjud va rivojlanishi qulay bo'lgan joylarga investorlar jalb qilinsa, sanoatning tizimli rivojlanishiga erisha olamiz. Sanoat bor joyda ish o'rinlari va daromad bo'ladi, uy-joylar, ijtimoiy ob'ektlar, shaharchalar barpo etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Videoselektor yig'ilishida yana bir muhim masala – xorijiy investorlar loyihasini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, xorijiy investorlarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasini tashkil etish vazifasi qo'yildi.

Joriy yilda tijorat banklari xorijiy banklarning jami 740 million dollar to'g'ridan-to'g'ri kreditlarini jalb qilishi belgilangan. Yig'ilishda uzoq muddatli, past foizli to'g'ridan-to'g'ri xorijiy kredit resurslarini jalb qilish ishlarini kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.

To'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar ishtirokida ishonchli loyihalar portfelini shakllantirib borish tizimini yaratish masalasi ham muhokama qilindi.

Joriy yilda 84 ta loyiha doirasida xalqaro moliya institutlari va donorlarning 2,7 milliard dollar mablag'ini o'zlashtirish ko'zda tutilgan. Yig'ilishda bu loyihalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari kesimida tahlil qilinib, ularni o'z muddatida va sifatli amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.

Bundan tashqari, 2 ming 800 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob'ektini qurish va ta'mirlash rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari xalqimizning hayot sifatiga daxldor bu masalaga alohida e'tibor qaratib, maktabgacha ta'lim muassasalari, maktablar, sog'liqni saqlash ob'ektlari, yo'llar, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruktsiya qilish bo'yicha belgilangan ishlarni jadallashtirish zarurligini ta'kidladi.

Videoselektor yig'ilishida Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar ijrosini tashkil etish yuzasidan ko'rilayotgan choralar haqida hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar, xo'jalik birlashmalari rahbarlari va viloyat hokimlarining hisobotlari tinglandi.

Manba: O'zA