Investitsiyaviy hamkorlik yangi kelishuvlar bilan boyidi
Birlashgan Arab Amirliklari Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Ibrohim al-Mahmud boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 3 oktabr kuni Toshkentda O'zbekiston – BAA biznes-forumi o'tkazildi.
Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi, O'zbekistonning BAAdagi elchixonasi va Dubaydagi Bosh konsulxonasi ko'magida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning qator vazirlik va idoralari rahbarlari, viloyat hokimliklari, shuningdek, “O'zbekenergo“, “O'zbekneftgaz“, “O'zqurilishmateriallari“, “O'zeltexsanoat“, “O'zbekoziqovqatxolding“, “O'zagrotexsanoatxolding“ kabi yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Biznes-forumning ochilishida O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Investitsiyalar bo'yicha davlat qo'mitasi raisi Suhrob Xolmurodov, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov, Birlashgan Arab Amirliklari Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Ibrohim al-Mahmud so'zga chiqdi.
Ta'kidlanganidek, O'zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o'rtasida o'rnatilgan diplomatik aloqalar chorak asrdan ziyod tarixga ega. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o'rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Bu jarayon keyingi yillarda yanada faollashdi.
2018 yil boshidan buyon BAAning 60 dan ziyod kompaniyasi rahbarlari mamlakatimizga tashrif buyurdi. Ikki davlat o'rtasida tovar ayirboshlash hajmi joriy yilning birinchi yarmida 82,4 million AQSh dollarini tashkil etdi. Yurtimizda BAA sarmoyasi ishtirokida 100 ta korxona tashkil etilgan bo'lib, ular sanoatning ko'plab tarmoqlarida faoliyat ko'rsatmoqda.
Ammo bu ko'rsatkichlar ikki davlatning iqtisodiy salohiyatiga mos emas. Ishga solinmayotgan imkoniyatlar ko'p. Biznes-forumda ayni shu masalaga e'tibor qaratildi. Delegatsiya a'zolari mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi, yangi investitsiya loyihalari taqdimotlari o'tkazildi.
– Tashrifimizdan maqsad mamlakatingizdagi investitsiyaviy muhitni o'rganish, o'zaro sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishdan iborat, – dedi Abu-Dabi Savdo-sanoat palatasi Bosh direktori Muhammad al-Muhairiy. – Bugungi biznes-forum shu maqsadni ro'yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biznes-muloqotda O'zbekistonning neft-gaz, sayyohlik, oziq-ovqat, tibbiyot, qishloq xo'jaligi, muqobil energetika kabi sohalar bo'yicha salohiyati bilan tanishdik. Yangi investitsiya loyihalariga bag'ishlangan taqdimotlar bizda katta qiziqish uyg'otdi.
Biznes-forum doirasida, jumladan, bunyodkorlik (savdo markazlari va mehmonxonalar), muqobil energetika (shamol va quyosh elektr stantsiyalari) kabi yo'nalishlarda kelishuvlarga erishdi. Shuningdek, O'zbekiston va BAAning qiymati 1 milliard AQSh dollariga teng to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jamg'armasini tashkil etish to'g'risidagi bitim imzolandi.
Tadbirda ikki davlat ishbilarmon doiralarining “B2B” shaklidagi uchrashuvlari ham o'tkazildi. O'zA​​