"O'zkimyosanoat" AJ

Tajriba va yutuqlar namoyishi

// 03.04.2013
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/about-us/uzexpocentre2013

“O'zekspomarkaz”da kimyo va plastmassa sanoatining “Chemie & Plastex Uzbekistan – 2013” yettinchi xalqaro ko'rgazmasi boshlandi.

Ushbu xalqaro ko'rgazma O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, “O'zkimyosanoat” kompaniyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan “ITE Uzbekistan” xalqaro ko'rgazma kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda O'zbekiston, Avstriya, Belgiya, Germaniya, Xitoy, Ukraina kabi mamlakatlardan yigirmadan ortiq kompaniya o'z mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

Ko'rgazmaning “WorldFood Uzbekistan – 2013” va “AgroWorld Uzbekistan –2013” xalqaro ko'rgazmalari bilan bir kunda o'tkazilayotgani kimyo sanoatining qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishdagi muhim ahamiyatidan yana bir dalolatdir. Zero, kimyo kompleksi mahsulotlarining asosiy qismi qishloq xo'jaligiga yo'naltiriladi.

“O'zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasidan ma'lum qilishlaricha, 2012 yili kompaniya tomonidan 1221,4 million tonna mineral o'g'it, jumladan, 943,6 ming tonna azotli, 152,5 ming tonna fosforli va 125,3 ming tonna kaliy o'g'itlari ishlab chiqarilgan. Bu, avvalo, tarmoq korxonalarida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari samarasidir.

Xususan, “Maksam-Chirchiq” ochiq aksiyadorlik jamiyatida texnik va texnologik yangilash ishlari hisobidan yiliga 270 ming tonnagacha karbamid ishlab chiqarishga erishilmoqda. Dehqonobod kaliy o'g'itlari zavodining mavjud ishlab chiqarish quvvati 20 ming tonnaga oshirildi. 2013-2015 yillarda yangi investitsiyalar jalb etish hisobidan “O'zkimyosanoat” kompaniyasida konveyer lentalari, qishloq xo'jaligi texnikasi va avtomobil shinalari, polivinilxlorid ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish mo'ljallanmoqda.

– Korxonamizda turli o'lcham va hajmdagi suv quvurlari, kanalizatsiya tarmoqlari uchun jahon talablariga mos polietilen quvurlar, butlovchi qismlar tayyorlanmoqda, – deydi “Sho'rtangazkimyo majmuasi” qoshidagi “Polietilen Quvurlar” sho''ba korxonasining bo'lim boshlig'i Hamdam Karimov. – Zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan yuqori sifatli mahsulotlarimiz ellik yildan ortiq bemalol xizmat qila oladi.

Xitoyning “Guangdong Designer Machinery”, “China Tangshan Zhifu Plastic” kabi kompaniyalari qator texnologik liniyalar, “Starlinger & Co. Gesellschaft” kompaniyasi (Avstriya) polimer mahsulotlar ishlab chiqarish uskunalarini namoyish etmoqda. Avstriyaning termoplastavtomatlar ishlab chiqaruvchi “engel Austria”, chiqindilarni qayta ishlash mashinalarini ishlab chiqaruvchi “Ngr Next Generation Recycling Machines” kompaniyalari “Chemie & Plastex Uzbekistan – 2013”da ilk bor ishtirok etayotir.

Ko'rgazma sanoat tarmoqlarini modernizatsiyalashni kengaytirish, ichki bozorda xaridorgir mahsulotlar tayyorlash uchun zamonaviy ishlab chiqarish tajribasi va yutuqlarini o'rganishga xizmat qiladi.

O'zA, Sayyora Shoeva