"O'zkimyosanoat" AJ

O‘tgan 9 oyda “O‘zkimyosanoat” AJ faoliyatida korrupsion holatlar kuzatildimi?

// 09.10.2025
https://uzkimyosanoat.uz/oz/press/about-us/utgan-9-oyda-o-zkimyosanoat-aj-faoliyatida-korrupsion-holat

Bugun “O‘zkimyosanoat” AJda o‘tkazilgan brifing mazkur tashkilot va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarda 2025 yil 9 oyi davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlandi.

Unda jamiyat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning ma’lum qilishicha, “O‘zkimyosanoat” AJ hamda tarmoq korxonalarining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar amaldagi qonunchilik va ichki normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq tashkil etilgan.

Komplayens nazorati hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tadbirlar “O‘zkimyosanoat” AJning ijro apparati, shuningdek “Maksam-Chirchiq” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “O‘zkimyosanoatloyiha” AJ va “O‘zkimyoimpeks” MCHJda amalga oshirildi. Shu davrda “O‘zkimyosanoat” AJ va unga qarashli korxonalarga ishga qabul qilingan 260 nafar yangi xodim manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida tekshiruvdan o‘tkazildi.

–Bundan tashqari, 97 nafar rahbar xodim va korrupsiyaga qarshi ichki tuzilmalar mutaxassislarining malakasi oshirildi. Jumladan, 67 nafar rahbar xodim ISO 31000:2018 - “Xavflarni boshqarish” xalqaro standarti bo‘yicha o‘quv kurslarini tamomladi. 30 nafar korrupsiyaga qarshi ichki tuzilma xodimi “Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya” portali orqali “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimining samarali ishlashini ta’minlash” mavzusidagi chuqurlashtirilgan kurslarda o‘z malakalarini oshirdi. Korxonalarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan 18 dan ortiq seminar va davra suhbatlari tashkil etilib, ularda 820 nafardan ziyod xodimga korrupsiyaga qarshi kurashish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari bo‘yicha nazariy bilimlar berildi, –dedi H.To‘laganov.

Qayd etilgani kabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar “E-Antikor.uz” elektron platformasiga 5 ta yo‘nalish va 29 ta maxsus indikator bo‘yicha yuklandi.

Shuningdek, 2025 yil iyul va avgust oylarida “Maksam-Chirchiq” AJ hamda “O‘zkimyoimpeks” MCHJ xalqaro “CERT International” akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan auditdan muvaffaqiyatli o‘tib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi nufuzli ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatiga qayta munosib deb topildi.

Hojiakbar To‘laganov ta’kidlab o‘tganidek, davlat xaridlari doirasida hisobot davrida 2 ming 518 ta xo‘jalik shartnomasi tuzilib, barchasiga korrupsiyaga qarshi kurashish talablari kiritilgan. O‘tgan davrda  tashkilotga jismoniy va yuridik shaxslardan 380 ta murojaat kelib tushgan. Uning  12 tasi korrupsiyaga oid bo‘lib, barchasi bo‘yicha xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi. Natijada 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilgan.

Shu bilan birga, tizimda o‘tkazilgan 56 ta rejali tekshiruv natijasida 25 ta holat yuzasidan to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Ayni paytda 20 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 5 ta holat yuzasidan esa tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Manba: N.Ziyodullayeva, O‘zA, 09.10.2025