"O'zkimyosanoat" AJ

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida

https://uzkimyosanoat.uz/oz/gender-equality/sq-297-4

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori

So‘nggi to‘rt yilda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etildi.

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetdi va dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.

Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga, partiyalarda 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, Davlat budjetidan har yili 300 mlrd so‘m mablag‘ ajratib borish yo‘lga qo‘yildi.

Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etilib, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi.

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 134-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston BMT Nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan normalariga sodiq ekanliklarini doimo ko‘rsatib kelgan.

BMT Bosh Assambleyasining 2015-yilning sentyabrida Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida 70-son rezolyutsiyasi qabul qilinib, mamlakatimiz uchun dolzarb hisoblangan 16 ta milliy maqsadga erishish bo‘yicha 125 ta maqsadli vazifa hamda 206 ta indikator ishlab chiqilgan.

Xususan, barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad — Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar bilan hamohangdir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:

1. Quyidagilar:

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi (bundan buyon matnda Gender strategiyasi deb yuritiladi) 1-ilovaga;

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2021-2022-yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (bundan buyon matnda Kompleks chora-tadbirlar dasturi deb yuritiladi) 2-ilovaga;

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari (bundan buyon matnda Maqsadli ko‘rsatkichlar deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Gender strategiyasini 2023 — 2030-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun har yilda alohida-alohida kompleks chora-tadbirlar dasturlari tasdiqlanadi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

Kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlasin;

har chorak yakuni bo‘yicha Kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritib borsin;

2022-yildan boshlab har yili 15-noyabrga qadar Kompleks chora-tadbirlar dasturi bajarilishi yakunlarini batafsil o‘rganish asosida keyingi yillar uchun tegishli dastur ishlab chiqib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga kiritsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi:

doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda Gender strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin;

2022-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga mos keladigan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish va ularga qo‘shilish, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqsin;

har yili davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar ishtirokida Gender strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishini, keng jamoatchilik muhokamalari tashkil etilishini va e’lon qilib borilishini ta’minlasin;

muntazam ravishda Kompleks chora-tadbirlar dasturi hamda Maqsadli ko‘rsatkichlar bo‘yicha erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotlarni o‘zining veb-saytida joylashtirib borsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi har chorakda:

Kompleks chora-tadbirlar dasturining ijro etilishi hamda Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning axborotlarini eshitib, tanqidiy muhokama qilib borsin;

Kompleks chora-tadbirlar dasturining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga axborot kiritib borsin.

5. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi holati to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritib borsin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda Gender strategiyasi va Kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlarini inobatga olgan holda o‘z hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin hamda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritsin.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga har chorakda hududiy chora-tadbirlar dasturlarining ijro etilishi yuzasidan vazirlik, idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarining axborotini eshitish va tanqidiy muhokama qilib borish tavsiya etilsin.

8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Xalqaro press-klub va Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda:

ushbu Qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmog‘ida tushuntirilishini;

Gender strategiyasining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumotlarning keng jamoatchilikka tezkor yetkazilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

9. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M. Kadirxanova zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA

Toshkent sh.,

2021-yil 28-may,

SQ-297-IV-son

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-sonli Qaroriga
1-ILOVA

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi

1-bob. Umumiy qoidalar

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi (bundan buyon matnda — Gender strategiyasi) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari hamda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Qonuniylik, demokratiya, ochiqlik va oshkoralik gender tenglikni ta’minlashning asosiy tamoyillaridir.

Gender strategiyasi doirasida gender tenglik tushunchasi jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, sport munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarining tengligini anglatadi.

2-bob. Bugungi holat va mavjud muammolar

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida O‘zbekiston Respublikasida jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish masalalari bo‘yicha mustahkam huquqiy asoslar yaratildi.

Jumladan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

Davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 300 nafardan ortiq, shu jumladan vazirlik va idoralarda 45 nafar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasida 39 nafar, mahalliy davlat hokimiyati organlarida 207 nafar ayol rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga 2019-yilda bo‘lib o‘tgan saylovlarda ro‘yxatdan o‘tgan 21 435 000 nafar saylovchining qariyb 50 foizi yoki 10 825 641 nafari xotin-qizlardir.

Ushbu saylovlarda ko‘rsatilgan nomzodlarning 41 foizi xotin-qizlar bo‘lib, ularning soni O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksida belgilangan 30 foizlik kvotadan ortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senati a’zolarining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining qariyb 25 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Gender tenglikni ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, parlament yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat-kengashlari, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millatlar Tashkilotining tavsiyalariga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlamentlar o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.

Shuningdek, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zolarining 49 foizini, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zolarining 46 foizini, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiya a’zolarining 41 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi.

Islohotlarning barcha bosqichlarida O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat keng qamrovli masalalarni o‘z ichiga oladi. Aholi daromadlarini tizimli ravishda oshirib borish, bandlik va mehnat munosabatlarini shakllantirish, aholining ayrim toifalarini, shu jumladan tadbirkor va fermer xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida qo‘shimcha kafolatlar berildi.

Xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Tijorat banklari mikrokredit bazasi mijozlarining 30 foizidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Tijorat banklari mablag‘lari hisobidan 172 mingdan ortiq xotin-qizlarga 4,9 trillion so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Buning natijasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar soni bir yilda 45 ming nafarga ko‘paydi.

2019-yildan boshlab aholining ish bilan ta’minlanishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi davlat buyurtmasi asosida amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtincha mehnat guvohnomalarini berish va ularning ish stajini qayd etish tartibi joriy etildi. Natijada norasmiy sektorda band bo‘lgan xotin-qizlarning ulushi 27 foizga yetdi.

Respublikaning chekka hududlarini rivojlantirish, qishloqlarni obodonlashtirish, qishloqlarda yashovchi xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash orqali kambag‘allikni qisqartirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligining turli sohalarida 1,5 milliondan ortiq xotin-qizlar mehnat qiladi.

Tadbirkorlik subyektlarining 20 foiziga, shu jumladan fermer xo‘jaliklarining 7,3 foiziga ayollar rahbarlik qiladi.

2017-yildan boshlab sog‘liqni saqlash tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirilib, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, fuqarolarni sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga ongli va mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga o‘rgatish, xotin-qizlar va erkaklarning reproduktiv huquqlarini amalga oshirishda teng imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Gender tenglikni rag‘batlantirish va unga erishish uchun ommaviy axborot vositalari faoliyati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy ijtimoiy va siyosiy faol xotin-qizlar imidjini aks ettiruvchi, xotin-qizlar va erkaklar uchun yaratilgan imkoniyatlarni yorituvchi radioeshittirishlar va teleko‘rsatuvlar soni ko‘paydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida mamlakatimizda O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalari qabul qilingan.

Mazkur vazifalar doirasida gender tenglikni ta’minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda boshqa sohalarda zarur choralar belgilab olingan.

Barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mehnat migratsiyasiga doir masalalarni tartibga solish O‘zbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro Migratsiya Tashkilotiga a’zo bo‘ldi.

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida maxsus jamg‘arma tashkil etildi.

Shu bilan birga, xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda jiddiy e’tibor talab etadigan masalalar mavjud.

Jumladan, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng darajada davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishdagi ishtiroki yetarlicha ta’minlanmayapti, ularni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarga jalb qilish holati sustligicha qolmoqda.

Xotin-qizlarning davlat hokimiyati va boshqaruvidagi faoliyati to‘g‘risida jamiyatdagi salbiy qarashlar esa ularning siyosiy jarayonlarda o‘z g‘oyalarini ilgari surishiga to‘sqinlik qilmoqda. Aksariyat hollarda xotin-qizlarga iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lmagan va haq to‘lanmaydigan uy xo‘jaligi ishlari yuklatilmoqda.

Ta’limda xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida keskin tafovutlar kuzatitilib, bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim o‘qituvchilarining 70 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etmoqda.

Ta’limning pedagogika va gumanitar fanlar (filologiya, pedagogika, psixologiya, madaniyat va san’at) yo‘nalishlarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 68 foizni tashkil etsa, muhandis-texnik (axborot texnologiyalari, energetika, injeneriya) va huquqshunoslik sohalarida ularning ulushi hamon kamligicha (24 foiz) qolmoqda.

Respublika hududlarida, ayniqsa qishloq joylarida sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatining pastligi, xususiy tibbiy xizmatlarning rivojlanmaganligi, er va xotin o‘rtasida oilani rejalashtirish bo‘yicha tibbiy madaniyatning yetarli emasligi onalar va go‘daklar o‘limlarining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Tashqi va ichki migratsiyaning gender jihatlari, uning xotin-qizlar hamda erkaklarga, ularning oilasi, farzandlariga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar yetarlicha olib borilmayapti, mazkur sohada aholi uchun yaratilgan imkoniyatlar, xotin-qizlarning huquqlari, mehnat migrantlarini himoya qilish mexanizmlari to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari lozim darajada tashkil qilinmayapti.

Qolaversa, media mahsulotlarining gender ekspertizasi o‘tkazilmayapti, ommaviy axborot vositalarida oila va jamiyatdagi xotin-qizlar va erkaklarning rolini aks ettirishda an’anaviy qarashlar mavjud, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida xotin-qizlarning jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasi yetarli darajada yoritilmayapti.

Yuqoridagi kabi muammo va kamchiliklarning saqlanib qolinishi nafaqat inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli ta’minlash imkoniyatini cheklabgina qolmasdan, mamlakatning xalqaro maydondagi imidjiga, uning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xususan, Jahon Bankining “Ayollar, biznes va qonun indeksi”da 190 ta mamlakat orasida 139-o‘rinni, AQShning Djordjtaun instituti tomonidan yuritiladigan “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik indeksi”da 167 ta mamlakat ichida 89-o‘rinni egallamoqda. Indeks beruvchi xalqaro tashkilotlarning statistik ma’lumotlariga asosan Jahon iqtisodiy forumi tomonidan tayyorlanadigan “Global gender tafovuti” global hisobotida O‘zbekistonning o‘rni aks etmagan.

Shu munosabat bilan Gender strategiyasining amalga oshirilishi xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalardagi tengsizlikni bartaraf etish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydondagi imidjini oshirish imkonini beradi.

3-bob. Gender strategiyasining maqsadi va vazifalari

Gender strategiyasining asosiy maqsadi — irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligini ta’minlashdan iborat.

Gender strategiyasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

xotin-qizlarning yer va mulkka nisbatan egalik qilish imkoniyatlarini kengaytirish;

jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, madaniyat, ta’lim, ilm-fan hamda sport munosabatlarida xotin-qizlarning erkaklar bilan teng ishtirok etishlarini qo‘llab-quvvatlash, qaror qabul qilishda ularning yetakchilik qilishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratish;

xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o‘rni bilan bog‘liq salbiy qarashlarni o‘zgartirish;

aholi bandligi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarni, shuningdek, munosib ish o‘rinlarini yaratish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlarning tijorat banklaridan kredit olishga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish;

xotin-qizlar va erkaklarni butun umri davomida o‘qishga bo‘lgan imkoniyatlarini rag‘batlantirish, ularning oilani rejalashtirish borasidagi tibbiy madaniyatini oshirish va reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yuksaltirish;

odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, tazyiq va zo‘ravonlikni oldini olish, ularni aniqlash va barham berish bo‘yicha samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish;

oilani mustahkamlash, oilaviy munosabatlarda barcha oila a’zolarining mas’ulligini oshirish, erta nikoh, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, erta tug‘ruq hamda oilaviy ajralishlarning oldini olish;

gender tenglik tamoyillarini ilgari surishda, xotin-qizlar va erkaklarning huquq hamda imkoniyatlarini teng amalga oshirishda budjetni rejalashtirish, gender masalalarini budjet jarayonlariga integratsiyalash, gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish;

gender tenglik, ayollar tadbirkorligi, xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini baholovchi xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish milliy maqsadlariga erishishda parlament, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish;

gender tenglik sohasidagi xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga mos bo‘lgan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

4-bob. Gender strategiyasini amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari

§ 1. Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash

Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

siyosiy partiyalarning saylov jarayonlariga xotin-qizlar va erkaklarni teng asosda jalb qilish, xotin-qizlarni tayinlanadigan rahbarlik lavozimlariga tavsiya qilishga oid faoliyatini rag‘batlantirish;

siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda nomzod ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanganligini monitoring qilish;

xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish orqali ularga nisbatan jamiyatda shakllangan salbiy qarashlarni o‘zgartirish;

xotin-qizlar va erkaklarning davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqlariga to‘liq rioya etilishini tahlil qilib borish;

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov hamda referendumlar o‘tkazish bo‘yicha viloyat, tuman, shahar, okrug, uchastka saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar vakillarining tengligini ta’minlash.

§ 2. Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash

Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga tanlovlar asosida tayinlash mexanizmlarini joriy qilish orqali xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish;

jamiyat hayotidagi ijtimoiy-siyosiy masalalarni hal qilishda va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qilish hamda ularni amalga oshirishda xotin-qizlarning ishtirokini kuchaytirish;

xotin-qizlarning xalqaro miqyosda davlat hamda o‘zi faoliyat yuritayotgan davlat organi va tashkiloti nomidan vakil bo‘lish hamda xalqaro tashkilotlar ishida ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish;

rahbarlik lavozimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar tomonidan aholini tashvishga solayotgan muammolarni bevosita hududga chiqib hal qilish amaliyotini kengaytirish;

mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengaytirish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarda ularning faolligini oshirish;

ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida davlat organlari va tashkilotlarida lavozimda ko‘tarilish masalalari bo‘yicha teng imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan gender tenglikni ta’minlash mezonlarini ishlab chiqish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga rahbarlik lavozimlariga tavsiya etilgan xotin-qizlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida malakasini oshirish bo‘yicha tizimli tadbirlarni belgilash;

normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish;

davlat organlari va tashkilotlarida tegishli lavozimlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risida ma’lumotlar yuritish;

kompleks gender yondashuv asosida davlat organlari hamda tashkilotlarida gender auditlarni o‘tkazishning huquqiy asoslarini mustahkamlash, uning tartib-tamoyillarini ishlab chiqish.

§ 3. Ta’lim, ilm-fan, sport hamda sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash

Ta’lim, ilm-fan, sport hamda sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, xotin-qizlar va erkaklarni butun umr davomida o‘qishga bo‘lgan imkoniyatlarini rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni oliy ta’lim bilan qamrab olinishini kengaytirish;

xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan dasturiy ishlanmalarini, innovatsion g‘oyalarini, ixtirochilik, ratsionalizatorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

zamonaviy pedagogik texnologiyalar va uslublarni hisobga olgan holda maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga gender mavzusini joriy etish orqali fuqarolarning genderga oid savodxonligini yuksaltirish;

ehtiyoji yuqori bo‘lgan sohalarda mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga va malaka oshirishga xotin-qizlarni jalb qilish;

mavjud va kelajakda yaratiladigan maktab darsliklari, o‘quv-uslubiy materiallar va boshqa nashrlarning jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsipiga muvofiq gender ekspertizadan o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj, notinch oilalardan bo‘lgan xotin-qizlarni ta’lim olishiga ko‘maklashish va ularni kasbga yo‘naltirish;

maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda erkaklar ulushi kam bo‘lgan boshqa sohalarga ayollar bilan teng ravishda erkaklarni jalb qilishga doir faoliyatni qo‘llab-quvvatlash;

xotin-qizlar va erkaklarning oilani rejalashtirish borasidagi tibbiy madaniyatini oshirish, zarur axborot va xizmatlarga erkin hamda teng ravishda ega bo‘lishini ta’minlash, oilani rejalashtirishda ularning shaxsiy hayotiga uchinchi shaxslarning aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikni qo‘llab-quvvatlash;

hududlarda, ayniqsa qishloq joylarida xotin-qizlar va erkaklarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yuksaltirish;

ijtimoiy ahamiyatli va yuqumli kasalliklarga duchor bo‘lgan bemorlarni qo‘llab-quvvatlash;

ta’lim, ilm-fan, sport hamda sog‘liqni saqlash sohalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tafovutlarni tahlil qilish, bu borada ilmiy, amaliy hamda fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;

xotin-qizlar va erkaklarning tibbiy madaniyatini oshirish, ularning reproduktiv salomatligini mustahkamlash, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni oldini olish, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishlarning oldini olishda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash.

§ 4. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash

Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlarning iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tarmoq gender strategiyalari va harakatlar dasturlari ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlash;

mamlakatda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, xotin-qizlarning kredit olishga, yer va mulkka egalik qilishga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish;

iqtisodiyot va pul-kredit siyosatining turli yo‘nalishlarida, shuningdek baliqchilik, o‘rmon, qishloq, fermer va dehqon xo‘jaliklarining rahbarlik lavozimlarida ishlaydigan xotin-qizlar sonini oshirish;

xotin-qizlar masalalari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari salohiyatini kuchaytirish, gender siyosatini amalga oshirishda ular ishtirokini qo‘llab-quvvatlash;

qishloq joylarida xotin-qizlar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish, bir turdagi mehnat uchun xotin-qizlar va erkaklarning mehnatiga teng haq to‘lash, ishsiz xotin-qizlarni o‘zini o‘zi band qilish orqali bandligini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rish;

kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ishga joylashtirilmagan xotin-qizlarni, ayniqsa, chegara (yoki anklav), chekka va borish qiyin bo‘lgan olis (tog‘li, cho‘lli) hududlardagi xotin-qizlarni hisobga olish, ularning bandligini ta’minlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish;

o‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotga ega xotin-qizlar va erkaklar uchun mehnat bozorida munosib ish o‘rinlarining hamda kafolatlangan mehnat sharoitlarining yaratilishini qo‘llab-quvvatlash;

o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlar va erkaklarni qo‘llab-quvvatlash, bunday shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish, aholining o‘zini o‘zi band qilishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish;

xotin-qizlar uchun mehnat faoliyatini, jamiyat hayotidagi ishtirokini oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borish, shu jumladan mehnat qilish imkoniyatini beradigan, bolalarni parvarishlash muassasalari tarmog‘ini tashkil etish va kengaytirish orqali sharoitlar yaratish;

odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida strategik maqsadlarga asoslangan milliy harakatlar dasturlarining ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlash;

gender jihatlarni hisobga olgan holda mehnat migratsiyasi, odam savdosidan jabr ko‘rgan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ularning ijtimoiy reabilitatsiyasiga ko‘maklashish;

mehnat migrantlarining o‘z huquqlari to‘g‘risidagi xabardorlik darajasini oshirish, chet elda ishlayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish xizmatlarini tashkil qilish;

milliy va xorijiy mamlakatlarning maxsus vakolatli davlat organlari o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali chet eldagi mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga yashash va mehnat qilish uchun munosib sharoitlarni yaratish, shu jumladan ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;

jinslar bo‘yicha mehnat migratsiyasi va odam savdosi bo‘yicha idoralararo statistikaning shakllantirilishini qo‘llab-quvvatlash;

tashqi va ichki migratsiya, uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga ta’sirini kompleks tahlil qilish, bu boradagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;

gender jihatlarni hisobga olgan holda iqlim o‘zgarishi ta’sirining oldini olish bo‘yicha milliy strategiyalar va dasturlarning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlash;

qishloq xo‘jaligi sektorida band bo‘lgan xotin-qizlar va erkaklarning malakasini oshirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, ekologik jihatdan xavfsiz zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

§ 5. Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash

Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish hamda moslashtirish tizimini takomillashtirish hamda davlat hisobidan moliyalashtirish;

tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xavfsizligini, jismoniy va ruhiy reabilitatsiyasini hamda moslashuvini ta’minlashga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish;

xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish hamda ular bilan o‘zaro munosabatlar madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha mulkchilik shakllaridan qat’i nazar barcha idora va tashkilotlarda profilaktika tadbirlarini o‘tkazish;

xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash;

tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan oilalar, ish joylari, jazoni ijro etish muassasalari va boshqa obyektlarning hisobini yuritish, shuningdek tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki uni sodir etgan g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslarni aniqlash, ularga profilaktik ta’sir ko‘rsatish hamda xulq-atvorini o‘zgartirish tizimini va choralarini takomillashtirish;

mamlakatlarda tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini baholovchi xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash choralarini ko‘rib borish;

jamiyatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabab hamda shart-sharoitlarni tahlil qilish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, bu borada jamoatchilik nazoratini olib borish, shuningdek ilmiy, amaliy hamda fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;

xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish, gender stereotiplarni bartaraf etish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish.

§ 6. Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash

Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

oilani mustahkamlash, oilaviy munosabatlarda barcha oila a’zolarining mas’ulligini oshirish, biron-bir shaxsning oila masalalariga o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish;

erta nikoh, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, erta tug‘ruq, oilaviy ajralishlarning yuzaga kelish sabablari hamda shart-sharoitlarini tahlil qilish, bu borada ilmiy, amaliy hamda fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;

asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlar, ijobiy urf-odatlar va an’analar asosida oilalarni mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olishda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash;

oilaviy munosabatlarda xotin-qizlar va erkaklarning o‘rni haqida jamiyatda shakllangan salbiy qarashlarni o‘zgartirish, bu borada ommaviy axborot vositalari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash;

ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirishda xotin-qizlar bilan bir qatorda erkaklarning mas’uliyati hamda rolini oshirish;

oilaviy hayotga oid muammolar, psixologik-pedagogik, huquqiy va boshqa masalalar yuzasidan xotin-qizlar va erkaklar uchun maslahatlar berish tizimini yanada takomillashtirish;

oilalarni yoshlarning axloqiy negizlarini buzishga olib keladigan, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ‘ib qiladigan, shuningdek ota-onasiga va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsizlik munosabatini shakllantiradigan, jinslardan birining ustunligi g‘oyasiga asoslangan noto‘g‘ri tasavvurlardan himoya qilish;

xotin-qizlar va erkaklarning oilaviy munosabatlardagi huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari to‘g‘risida axborot-ma’rifiy faoliyat samaradorligini oshirish.

§ 7. Gender jihatlarni hisobga olgan holda rejalashtirish va budjetlashtirish

Gender jihatlarni hisobga olgan holda rejalashtirish va budjetlashtirish sohasini rivojlantirish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

ochiq va shaffof budjet siyosatini amalga oshirish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tengsizlikni kamaytirish, xotin-qizlar va erkaklarga manzilli davlat xizmatlari ko‘rsatish, ularning sifati va samaradorligini oshirish;

xotin-qizlar va erkaklarga mo‘ljallangan resurslar hamda xizmatlarni taqsimlash bo‘yicha oldindan aniqlangan maqsadlarga ko‘ra davlat mablag‘laridan samaraliroq foydalanishni rag‘batlantirish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va mahalliy budjet loyihalarini, ishlab chiqish jarayonida gender jihatlarni hisobga olgan holda ularni gender ekspertizasidan o‘tkazish, “Genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish”ni rejalashtirish hamda uni budjetlashtirish jarayonlariga bosqichma-bosqich joriy etish;

Davlat budjeti va mahalliy budjetlardan gender tenglikka erishishni hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida mablag‘lar ajratilishini tahlil qilib borish;

davlat dasturlari, tarmoq dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari loyihalarini moliyalashtirishda gender jihatlarni hisobga olish;

ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda hududlar iqtisodiyotiga gender budjetlashtirishni joriy qilishga oid indikatorlarni, shuningdek davlat xizmatchilari uchun gender budjetlashtirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va tavsiyalar ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda gender budjetlashtirish masalalarini hisobga olish;

budjet tizimini rejalashtirish ishlariga gender yondashuvlarni joriy etish maqsadida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda budjetlar, budjet jarayonlarining gender tahlilini o‘tkazish;

vazirlik va idoralarning gender nuqtai nazaridan rejalashtirish hamda budjetlashtirish bo‘yicha salohiyatini oshirish, budjet masalalariga doir barcha normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar loyihalarini majburiy gender ekspertizasidan o‘tkazish amaliyotini joriy etish;

oilaviy budjet mablag‘laridan foydalanishda xotin-qizlar hamda erkaklarning tengligi, jamiyat hayotining turli sohalaridagi xizmatlardan (ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniy hordiq va boshqalar) teng foydalanish yuzasidan aholining iqtisodiy bilimi, huquqiy ongi va savodxonligini oshirish.

§ 8. Gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish

Gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

respublika va hududlar kesimida genderga oid vaziyatni tahlil qilish hamda uning monitoringini yuritish maqsadida xotin-qizlar va erkaklarning norasmiy mehnat bozori sektoridagi, shuningdek hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ishtiroki, ularning davlat tomonidan kafolatlangan imkoniyatlardan foydalanish holati yuzasidan statistik ma’lumotlarni tizimli yuritish;

jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holatini aks ettiradigan statistik axborotni yig‘ishni, unga ishlov berishni, uni to‘plashni, saqlashni, tahlil va e’lon qilishga oid chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash;

vazirlik va idoralar, tashkilotlar, muassasalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarida jinslar bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar yuritilishini tashkil etish, mazkur ko‘rsatkichlarni muvofiqlashtirgan holda yuritilishini ta’minlash;

xalqaro tajriba va standartlarga muvofiq milliy gender ko‘rsatkichlarni takomillashtirib borish;

gender masalalariga oid xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlarni milliy gender statistikasi bilan doimiy ta’minlab borishni yo‘lga qo‘yish;

siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, agrar va ekologiya sohalarida gender statistikasiga oid uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash;

jamiyat hayotining turli sohalaridagi xotin-qizlar va erkaklarning holatini aks ettiruvchi statistik hisobotlarni tayyorlash, ijtimoiy so‘rovlar va tadqiqotlarni o‘tkazish hamda e’lon qilib borish.

5-bob. Gender strategiyasini amalga oshirishdan kutilayotgan natija

Gender strategiyasi doirasida belgilangan vazifalarni bajarish orqali quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:

yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyoti kengaytiriladi;

siyosiy partiyalarni rag‘batlantirish orqali xotin-qizlar saylov jarayonlariga keng jalb qilinadi;

aholi bandligi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlar, shuningdek ular uchun munosib ish o‘rinlari yaratiladi, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan, ayniqsa qishloq joylardagi oilalar ish bilan ta’minlanadi, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligi oshiriladi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ko‘lami kengayadi;

xotin-qizlar va erkaklarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimi takomillashtiriladi, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan shakllangan salbiy qarashlar darajasi kamaytiriladi;

xotin-qizlar va erkaklar uchun mehnat faoliyatini, jamiyat hayotida ishtirok etishni oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borish uchun zarur sharoitlar yaratiladi;

mehnat migrantlari bo‘lgan xotin-qizlar va erkaklarning huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimi rivojlantiriladi, ularning huquqiy savodxonligi yuksaltiriladi;

jamiyatda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, farzandlarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirishda xotin-qizlar va erkaklarning mas’uliyati hamda roli oshiriladi;

oilaviy ajrimlarning oldini olish, bu kabi salbiy holatlarda xotin-qizlar, erkaklar hamda bolalarning huquqlarini ta’minlash mexanizmlari rivojlantiriladi;

xotin-qizlar va erkaklarning oilani rejalashtirish borasidagi tibbiy madaniyati oshiriladi, zarur axborot va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi;

hududlarda, ayniqsa qishloq joylarida xotin-qizlar va erkaklarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifati yaxshilanadi, ijtimoiy ahamiyatli va yuqumli kasalliklar bilan kasallangan bemorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtiriladi;

xotin-qizlarning ehtiyoji yuqori bo‘lgan sohalarda mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari tashkil etiladi;

maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, tibbiyot hamda erkaklar ulushi kam bo‘lgan boshqa sohalarga erkaklar jalb qilinadi;

ochiq va shaffof budjet siyosatini amalga oshirish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tengsizlikni kamaytirish, xotin-qizlar va erkaklarga manzilli davlat xizmatlari ko‘rsatish, ularning sifati va samaradorligini oshirish choralari ko‘riladi;

“Genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi;

vazirlik va idoralarning gender nuqtai nazaridan rejalashtirish va budjetlashtirish bo‘yicha salohiyati oshiriladi, budjet masalalariga doir barcha normativ-huquqiy va boshqa tusdagi hujjatlar loyihalari majburiy tartibda gender ekspertizasidan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.

6-bob. Gender strategiyasining amalga oshirilishini monitoring qilish

Gender strategiyasining amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish, umumiy muvofiqlashtirish, sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi muammoli masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va hal qilish mutasaddi davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb qilgan holda O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Gender strategiyasini amalga oshirish monitoringi Gender strategiyasida ko‘zda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘laqonli bajarish bo‘yicha vakolatli organlar faoliyatini baholash indikatorlari asosida amalga oshiriladi.

Gender strategiyasini amalga oshirish monitoringi natijalari bo‘yicha tayyorlangan hisobotlar O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishida hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlislarida ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-sonli Qaroriga
2-ILOVA

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2021-2022-yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar

DASTURI

T/r Amalga oshiriladigan tadbirlar Amalga oshirish mexanizmi Muddati Ijro uchun mas’ullar
I. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish
1.

Gender tenglikni ta’minlash mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish.

“Gender audit” tushunchasini yoritishni va ushbu jarayonni o‘tkazish tartibini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish.

2021-yil dekabr Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Adliya vazirligi (R. Davletov), Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O. Xasanov)
2.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarining O‘zbekiston Respublikasi milliy manfaatlariga mos keladigan maqbul normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish.

1. Xalqaro mehnat tashkilotining:

“Ishlayotgan ayollar va �rkaklar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatga ega ishchilar to‘g‘risida”gi (1981-yil 23-iyundagi 156-sonli);

“Bandlikka ko‘maklashish va ishsizlikdan himoyalanish to‘g‘risida”gi (1988-yil 21-iyundagi 168-sonli);

“To‘liqsiz ish kuni to‘g‘risida”gi (1994-yil 24-iyundagi 175-sonli);

“Kasanachilik to‘g‘risida”gi (1996-yil 4-iyundagi 177-sonli);

“Tazyiq va zo‘ravonlik to‘g‘risida”gi (2019-yil 10-iyundagi 190-sonli) konvensiyalarini va xorijiy tajribani chuqur tahlil qilgan holda ulardagi xalqaro standartlar va normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalasini o‘rganish.

2021-yil noyabr Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Adliya vazirligi (R. Davletov), Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov), Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi (Q. Rafikov)

2. O‘rganish natijalari asosida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

2021-yil dekabr
3.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar hamda bolalarning moddiy va ma’naviy huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish.

Aliment undirish bo‘yicha sud qarorlarini ijro qilishda da’vogar yashab kelayotgan hududdagi davlat ijrochisi va javobgar istiqomat qiluvchi hududdagi davlat ijrochisi o‘rtasidagi hamkorlik aloqasini o‘rnatishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqish.

2021-yil iyul Bosh prokuratura (N. Yo‘ldoshev), Adliya vazirligi (R. Davletov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov)
4.

Xotin-qizlar tadbirkorligini, ilmiy va ixtirochilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda gender statistikasini yuritish tizimini takomillashtirish.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish:

kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlar faoliyatini subsidiya va grant shaklida qo‘llab-quvvatlash;

xotin-qizlarning ixtirochilik hamda ratsionalizatorlik faoliyatini rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish;

Davlat statistika qo‘mitasida gender statistikasini yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish bo‘yicha xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida alohida tuzilma tashkil etish.

2021-yil noyabr Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)
5.

Iqtidorli xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalarida qo‘llab-quvvatlash maqsadida iqtidorli talabalar uchun maxsus stipendiyalar joriy etish.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-hujjat loyihasini ishlab chiqish:

ilm-fan sohasida muvaffaqiyatga erishgan mashhur o‘zbek ayollari nomi bilan ataluvchi stipendiya joriy etish va uni taqdim etish mexanizmlarini ishlab chiqish;

stipendiya taqdim etishda shaffoflik prinsipiga amal qilinishini ta’minlash;

stipendiya g‘oliblarining magistratura, doktoranturaga qabul qilinishida imtiyozlar yaratish;

stepindiatlarni rahbar kadrlar zaxirasiga kiritish va yo‘nalishiga ko‘ra ma’lum amaliyotni o‘tgach rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish.

2021-yil sentyabr Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshqulov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov)
6.

Iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash, ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish va rahbarlik lavozimlariga tayyorlashni tizimlashtirish va yaqin kelajakka mo‘ljallangan strategik vazifalarni belgilash.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish:

Iqtidorli qizlar bilan alohida ishlash, ularni rag‘batlantirish;

bunday qizlarning siyosiy malakasini oshirishga, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga qaratilgan tizimli o‘qishlarni tashkil etish;

iqtidorli qizlarni aniqlash va ularni rahbarlik lavozimlariga kadrlar zaxirasiga kiritish ishlarini tizimlashtirish.

2021-yil sentyabr Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Tashqulov), Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O. Xasanov), manfaatdor vazirlik va idoralar
7.

Ta’lim muassasalaridagi iqtidorli qizlarni ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish maqsadida ular tomonidan yaratilgan intellektual loyihalarni chop ettirish, patentlashtirishda ko‘maklashish.

Ilm-fan sohasidagi iqtidorli qizlarni ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish maqsadida ular tomonidan yaratilgan intellektual loyihalarni chop ettirish, patentlashtirish mexanizmlari va tartibini ishlab chiqish.

2022-yil yanvar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshqulov), Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov), Intellektual mulk agentligi (T. bdusattorov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev)
II. Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy va gumanitar rivojlantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish
8.

“O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusidagi an’anaviy forumni o‘tkazish.

Forumda:

xotin-qizlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar va mavjud muammolarni muhokama qilish;

parlamentdagi ayollar tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish;

ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy hamda gumanitar sohalarda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

2021-2022-yillar dekabr Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi (M. Kadirxanova)
9.

Aholini tashvishga solayotgan muammolarni rahbarlik lavozimidagi xotin-qizlar tomonidan hududga chiqib hal qilish amaliyotini kengaytirish.

1. Aholini tashvishga solayotgan muammolarning tub ildizini o‘rganish.

2. Hududlarda aholi turmush darajasini yuksaltirishga mas’ul idoralar (tuzilmalar) faoliyatining samaradorligini tahlil qilish.

3. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning holatini tanqidiy ko‘rib chiqish.

4. Respublika va hududiy Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari faollari va a’zolari imkoniyatidan keng foydalanish.

2021-yil avgust Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov), mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), O‘zA (A. Ko‘chimov)
10.

Xotin-qizlarning huquqiy ongi va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish.

Xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan siyosiy-huquqiy o‘quvlarni doimiy ravishda tashkil etish mexanizmlarini joriy etish.

2021-yil avgust Adliya vazirligi (R. Davletov), manfaatdor vazirlik va idoralar
11.

Saylov jarayonlariga xotin-qizlar va erkaklarni teng asosda jalb qilish.

1. Saylov komissiyalarini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash.

2. Saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirokini kuzatuvchi indikatorlarni ishlab chiqish.

2021-yil iyul Markaziy saylov komissiyasi (Z. Nizamxodjayev)
12.

Davlat boshqaruvining tu�li sohalarida faoliyat olib borayotgan faol xotin-qizlarning kasbiy va intellektual salohiyatini oshirish, ularni rahbarlikka tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida maxsus o‘quvlarni tashkil etish.

1. Davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borayotgan faol xotin-qizlarni aniqlash maqsadida maxsus ekspert guruhini tashkil etish.

2021-yil iyul Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), Davlat boshqaruvi akademiyasi (A. Bekmurodov), Yuristlar malakasini oshirish markazi (A. Raxmatov) Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya

2. O‘quv dasturlariga ma’naviy qiyofani o‘zgartirish, rejalashtirish, jamoani shakllantirish, liderlik va muloqot o‘rnatish ko‘nikmalarini shakllantirish mavzularini kiritish.

3. Davlat boshqaruvi akademiyasida tizimli ravishda hududlardan tanlab hamdazaxiraga olingan xotin-qizlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan o‘quvlarni tashkil etish.

2021-yil sentyabr oyidan boshlab
13.

Har bir vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, sud organlarida xotin-qizlarning kadrlar zaxirasini shakllantirish.

1. Barcha sohalarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan liderlik xususiyatiga ega bo‘lgan, tashabbuskor, iqtidorli xotin-qizlar ro‘yxatining elektron bazasini shakllantirish.

2021-yil iyul Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O. Xasanov), Davlat boshqaruvi Akademiyasi (A. Bekmurodov), vazirlik va idoralar, Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov)

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasini tamomlagan ayol kadrlar zaxirasini shakllantirish.

2021-yil iyul

3. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan barcha ma’lumotlarni umumlashtirish va iqtidorli xotin-qizlarni rahbar kadrlar zaxirasiga elektron bazasini shakllantirish.

2021-yil avgust

4. Rahbar kadrlar zaxirasiga kiritilgan iqtidorli xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Davlat statistika qo‘mitasiga umumlashtirilgan holda taqdim etib borish.

2021-yil avgust
14.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining mamlakatda bo‘layotgan siyosiy o‘zgarishlar jarayonidagi gender siyosatini targ‘ib qilishga oid o‘quvlar tashkil qilish.

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hududiy filiallari bilan hamkorlikda joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlar tuzish.

2022-yil sentyabr Davlat boshqaruvi akademiyasi filiallari, Maktabgacha ta’lim vazirligi (A. Shin), Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov)

2. O‘quv mashg‘ulotlari yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish.

jadval asosida
15.

“STEAM” fanlari (Science — tabiiy fanlar,Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) bo‘yicha ta’lim olayotgan xotin-qizlarning magistrlik, doktorlik ishlarini davlat tashkilotlari, xususiy kompaniyalarda aprobatsiyadan o‘tkazishlarida qo‘llab-quvvatlash, �lmiy izlanish, tadqiqotlar olib borayotganlarni qo‘llab-quvvatlash.

1. “STEAM” sohasida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning magistrlik, doktorlik ishlarini davlat tashkilotlari, xususiy kompaniyalarda aprobatsiyadan o‘tkazishlarida qo‘llab-quvvatlagan oliy o‘quv yurtlarini rag‘batlantirish mexanizmini yaratish.

2021-yil noyabr Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshqulov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov)

2. Xotin-qizlarni ilm-fan, innovatsiya, axborot texnologiyalarni rivojlantirishdagi ishtirokini ta’minlash maqsadida “STEAM” aniq fanlar yo‘nalishida imtiyozli kvotalar ajratish.

2022-yil may

3. “STEAM” yo‘nalishi bo‘yicha chekka hududlardagi xotin-qizlar uchun imtiyozli o‘quv kurslarini tashkil etish va iqtidorli qizlarni aniqlash, ularni oliy ta’limga imtiyozli o‘qishga qabul qilish mexanizmini yaratish.

2022-yil may
16.

Davlat statistika qo‘mitasida gender statistikasi ko‘rsatkichlari haqqoniy tizimini yaratish va uni muntazam ravishda xalqaro indikatorlar asosida yangilab borilishini, ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash.

1. Davlat statistika qo‘mitasi mas’ul xodimlari, xususan ayol kadrlarni xalqaro indikatorlar asosida milliy indikatorlar bo‘yicha malakasini oshirish.

2021-yil 1-avgust Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda

2. Davlat statistika kuzatuvlarini gender ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda takomillashtirib borish.

doimiy
17.

Respublikaning barcha hududlaridagi, ayniqsa chekka qishloqlardagi iqtidorli qizlarni izlab topish, ularni ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish, ular tomonidan yaratilgan intellektual loyihalarni targ‘ib etish ishlariga ko‘maklashish.

1. Chekka hududlardagi iqtidorli qizlarni aniqlash.

2. Ularning intellektual loyihalarga jalb qilish.

2021-yil avgust Yoshlar ishlari agentligi (A. Sa’dullayev), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov)

3. Ular uchun imtiyozli asosda xorijiy tillar, axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy etish.

2021-yil sentyabr
18.

Iqtidorli yosh xotin-qizlarni xorijda chet tillari kurslarida o‘qishlarini ta’minlash, ularni yuqori nufuzli idoralarda stajirovka o‘tashlariga ko‘maklashish.

1. “El yurt umidi” fondi tomonidan grantlar e’lon qilish.

2. Shaffoflik prinsipi asosida nomzodlarni ko‘rib chiqish.

3. Mazkur grantlar asosida chet elda bo‘lgan va amaliyot (stajirovka) o‘tagan xotin-qizlarni Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan saralab, rahbarlik zaxirasiga kiritish va rahbarlik lavozimlariga tavsiya etib borish.

2021-yil iyun oyidan boshlab doimiy “El-yurt umidi” fondi (O. Sattarov), Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O. Xasanov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshqulov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
19.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ishsiz fuqarolarni, ayniqsa chegara (yoki anklav), chekka va borish qiyin bo‘lgan olis (tog‘li, cho‘lli) hududlardagi aholi bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish.

Qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish.

Bunda:

ishsiz xotin-qizlar va erkaklarni “Ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish hududiy markazlari”da o‘qitib borish;

“Aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi viloyat (shahar) markazlari” orqali ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar bandligini ta’minlash nazarda tutiladi.

2021-yil avgust Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov)
20.

O‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlar va erkaklarni qo‘llab-quvvatlash, bunday shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini kengaytirish, aholining o‘zini o‘zi band qilishga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish.

1. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga soliqlardan beriladigan imtiyozlar bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.

2021-yil iyul Davlat soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov), mahalliy davlat hokimiyati organlari

2. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha o‘quv kurslarni tashkil qilish.

2021-yil avgust

3. O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlarini kengaytirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

2021-yil sentyabr
21.

O‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotga ega f�qarolar uchun mehnat bozorida munosib ish o‘rinlarining hamda kafolatlangan mehnat sharoitlarining yaratilishini qo‘llab-quvvatlash.

1. O‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotga ega fuqarolar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish.

2021-2022-yillar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov),
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov),
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshqulov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Markaziy bank (M. Nurmuratov)

2. Bunday toifadagi xotin-qizlar va erkaklarning o‘zini o‘zi band qilish, ularga kredit va subsidiyalar berish uchun Davlat budjetidan mablag‘lar ajratish tizimini takomillashtirish.

2021-yil noyabr
22.

Xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan dasturiy ishlanmalarini, innovatsion g‘oyalarini, ixtirochilik, ratsionalizatorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash.

1. Xotin-qizlarni xorijiy ilmiy tadqiqot va oliy ta’lim muassasalariga ilmiy amaliyotlarga yuborish, ularning malakasini oshirish.

2. Xotin-qizlarning ixtirochilik hamda ratsionalizatorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashish.

3. Ilm-fan rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan xotin-qizlar faoliyatini matbuot va OAV orqali keng yoritib borish.

2021-2022-yillar davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), “El-yurt umidi” jamg‘armasi (O. Sattarov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshqulov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov) O‘zbekiston Mill�y axborot agentligi (A. Kuchimov)
23.

Maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda erkaklar ulushi kam bo‘lgan boshqa sohalarga xotin-qizlar bilan teng ravishda erkaklarni jalb qilishga doir faoliyatni qo‘llab-quvvatlash.

1. Maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda boshqa sohalarda xotin-qizlar va erkaklar ulushini tahlil qilish.

2021-yil iyul Maktabgacha ta’lim vazirligi (A. Shin), Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshqulov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov)

2. Maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda erkaklar ulushi kam bo‘lgan boshqa sohalarda kafolatlangan mehnat sharoitlarini yaxshilash.

2021-yil noyabr

3. Ushbu sohalarda qo‘shimcha moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish hamda imtiyozlarni belgilash yuzasidan takliflar ishlab chiqish nazarda tutiladi.

2021-yil dekabr
24.

Gender tenglik sohasidagi statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish tizimini takomillashtirish.

1. Gender statistikasiga oid ma’lumotlarni doimiy ravishda ochiqlash, OAVlarda yoritish, statistik ko‘rsatkichlarning manbalari va metodologiyalari shaffofligini ta’minlash.

2. Gender masalalariga oid xalqaro reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlarni milliy gender statistikasi bilan doimiy ta’minlab borishni yo‘lga qo‘yish.

2021-2022-yillar Davlat statistika qo‘mitasi (B. Begalov), manfaatdor vazirlik va idoralar
25.

Mehnat sohasidagi gender statistikasi ma’lumotlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiq takomillashtirish.

Mehnat statistikalari xalqaro konferensiyasining rezolyutsiyalari va ko‘rsatmalariga (munosib mehnat, bandlik, norasmiy bandlik va hokazo) muvofiq mehnat statistikasini doimiy ravishda yangilab borish.

2021-2022-yillar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov)
26.

Xotin-qizlar va erkaklarning jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishlarning oldini olishda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash.

1. Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini samarali tashkil etish.

2. Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari uchun davlat granti e’lon qilish va ijtimoiy buyurtmasini joylashtirib borish.

3. Mazkur yo‘nalishda jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish.

2021-2022-yillar Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya, mahalliy davlat hokimiyati organlari, “Yuksalish” umummilliy harakati (B. Bekmurodov), nodavlat notijorat tashkilotlari
27.

Tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan oilalar, ish joylari, jazoni ijro etish muassasalari va boshqa obyektlarning hisobini yuritish, shuningdek tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki ularni sodir etgan g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga ega shaxslarni aniqlash hamda ular bilan profilaktik ishlar o‘tkazish.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish va amalga oshirish:

oilalar, ish joylari, jazoni ijro etish muassasalari va boshqa obyektlarda qayd etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holati yuzasidan ushbu obyekt rahbarlari va a’zolari bilan profilaktik tadbirlarni tashkil etish;

joylarda oilalar bilan ishlash, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni qayta tarbiyalash choralarini ko‘rish;

tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni og‘ir hayotiy vaziyatdan chiqarish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan xotin-qizlar va erkaklarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish;

rivojlangan mamlakatlarning tajribasini chuqur o‘rgangan holda “zo‘ravon” shaxslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, bu borada maxsus o‘quv dasturlarni ishlab chiqish.

2021-yil iyul Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), manfaatdor vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari
28.

Oilani mustahkamlash, oilaviy munosabatlarda barcha oila a’zolarining mas’ulligini oshirish bo‘yicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish.

1. Oilaviy hayotga oid muammolar, psixologik-pedagogik, huquqiy va boshqa masalalar yuzasidan xotin-qizlar va erkaklar uchun maslahatlar berish tizimini takomillashtirish.

2. Oilalarni yoshlarning axloqiy negizlarini buzishga olib keladigan, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ‘ib qiladigan g‘oyalardan himoya qilish.

3. Bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirishda xotin-qizlar bilan bir qatorda erkaklarning mas’uliyati hamda rolini oshirish.

2021-2022-yillar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Mahalla va oila ilmiy-tadqiqot instituti (N. Egamberdiyeva) Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov)
III. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, gender tenglikka erishishda xorijiy mamlakatlar bilan parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlash
29.

Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda O‘zbekistonda parlamentlar ayol-spikyerlari Global sammitini tashkil etish.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish va amalga oshirish:

Global sammit konsepsiyasi va dasturini ishlab chiqish, ishtirokchilar tarkibi bo‘yicha takliflarni tayyorlash;

Parlamentlararo ittifoq a’zolari, BMT tuzilmalari, xorijiy davlatlar parlamentlari hamda xalqaro nohukumat tashkilotlarining delegatsiyalari ishtiroki masalasini o‘rganib chiqish;

tadbirni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish, tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish;

tadbirning ahamiyatini milliy va xorijiy OAVlarda keng yoritish;

tadbir yakuni yuzasidan ishlab chiqilgan hujjat xalqaro tashkilotning rasmiy hujjati sifatida chop etish.

2022-yil may Oliy Majlis Senati, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya, manfaatdor vazirlik va idoralar
30.

Xotin-qizlarning xalqaro miqyosda davlat vakili bo‘lish hamda xalqaro tashkilotlar ishida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish.

1. O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida mavjud yuqori diplomatik lavozimlarga xotin-qizlarni tayinlashda nomzod kadrlar zaxirasi bazasini shakllantirish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning yuqori diplomatik lavozimlariga erkak nomzodlar bilan birga xotin-qizlar nomzodlari bo‘yicha takliflarni kiritib borish.

3. O‘zbekiston Respublikasi a’zo bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan e’lon qilinib boriladigan vakansiyalar haqida ma’lumotlarni doimiy ravishda kuzatib borish.

4. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston uchun kvotalar yoki ochiq tanlovlar e’lon qilingan taqdirda, xotin-qizlar orasidan munosib nomzodlarni vakil sifatida o‘rnatilgan tartibda ilgari surish.

2021-avgustdan boshlab doimiy Tashqi ishlar vazirligi (A. Komilov), Investitsiyalar
va tashqi savdo vazirligi (S. Umurzakov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov),
Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Moliya vazirligi (T. Ishmetov)
IV. Davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarning yaratilganligi holatini o‘rganish, shuningdek jamiyatda gender tenglikning ta’minlanganlik darajasini aniqlashga qaratilgan ijtimoiy so‘rovlarni tashkil etish
31.

Mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining rahbarlik lavozi�lariga xotin-qizlarni tayinlash holatini o‘rganish.

1. Gender tenglikni ta’minlash sohasidagi xorijiy tajribalarni o‘rganish, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilish.

2021-yil sentyabr Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O. Xasanov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya

2. Mahalliy ijro hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlangan xotin-qizlar orasida so‘rovnomalar, intervyu o‘tkazish orqali ularning bir yillik faoliyatini o‘rganish.

3. Ma’lumotlarni umumlashtirish, tahlil qilish, uning natijalarini OAVda e’lon qilish.

2021-yil sentyabr
32.

Iqtisodiyotning norasmiy sektorida xotin-qizlar va erkaklarning bandligi, ular uchun munosib va kafolatlangan mehnat sharoitlarining yaratilganligi holatini o‘rganish.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi tahliliy ma’lumotnoma tayyorlash:

olib borilayotgan islohotlarning hududlardagi norasmiy bandlikka ta’siri;

norasmiy sektor ishtirokchilarining huquqiy va ijtimoiy himoyalanganligi va boshqalar.

2021-yil avgust Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (O. Xakimov)
33.

Xotin-qizlar va erkaklar tomo�idan mehnatga to‘lanadigan haqlarida tafovutlar bo‘lgan kasblarni tanlashlari borasidagi mavjud holatga chek qo‘yish choralarini ko‘rish.

1. Aholida shakllangan xotin-qizlar va erkaklar kasblari borasidagi stereotiplarni bartaraf etish, kasb tanlashda tenglikni targ‘ib qilish.

2021-yil iyundan boshlab doimiy Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Davlat soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev), “O‘zbekkino” milliy agentligi (F. Abduxolikov), MTRK (A. Xodjayev)

2. Ko‘p haq to‘lanadigan sohalarda (IT texnologiyalar, injenerlik, ixtirochilik, sudyalik va boshqalar) muvaffaqiyatga erishgan ayollar haqida hujjatli va badiiy filmlar, ijtimoiy roliklar yaratish.

2021-2022-yillar
34.

Davlat budjeti va hududiy budjetlardan gender tenglikka erishishni hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida mablag‘lar ajratilishini tahlil qilib borish.

1. “Gender tenglikka yo‘naltirilgan budjetlashtirish” uslubiy qo‘llanmasini ishlab chiqish.

2. Qo‘llanma asosida monitoring o‘tkazish, davlat budjeti (shu jumladan mahalliy budjet) mablag‘lari ajratilishini tahlil qilish.

3. Monitoring natijalarini OAVlarda e’lon qilib borish.

har yil yakunlariga ko‘ra Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Kuchkarov),
mahalliy davlat hokimiyati organlari
35.

Mamlakatda gender tenglikning ta’minlanishi, olib borilayotgan islohotlarning natijadorligini baholashga qaratilgan turkum ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish.

1. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashda davlat hokimiyati organlarining roli haqida”.

2021-yil “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (N. Raximova)

2. “Gender tenglik: xotin-qizlar va erkaklarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar natijadorligini baholash”.

3. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarning kafolatlari to‘g‘risida”gi mavzularida ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish.

2022-yil

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-sonli Qaroriga
3-ILOVA

2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining

MAQSADLI KO‘RSATKICHLARI

T/r Ko‘rsatgichlar nomi Yillar kesimida Mas’ul ijrochilar
Birlamchi ko‘rsatkich Oraliqdagi ko‘rsatkich Maqsadli ko‘rsatkich
Joriy holat 2022 2025 2027 2030
1.

Siyosiy partiyalarda xotin-qizlarning ulushi (foizda)

44 46 49 50 50 Siyosiy partiyalarning markaziy kengashlari
2.

Siyosiy partiyalarning rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlarning ulushi (foizda)

30 35 41 46 50 Siyosiy partiyalarning markaziy kengashlari
3.

Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi (sonda)

5 7 10 13 15 Vazirlar Mahkamasi
4.

Mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida rahbarlik (hokimlar) lavozimidagi xotin-qizlar ulushi (sonda)

6 7 10 15 20
5.

Boshqaruv lavozimlarida ishlovchi xotin-qizlar ulushi (foizda)

26 27 28 29 30 Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat statistika qo‘mitasi
6.

Sudyalar orasida xotin-qizlar ulushi (foizda)

12 15 20 24 30 Sudyalar
oliy kengashi
7.

Etakchi xotin-qizlarni tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan dasturlar soni

0 1 1 2 3 Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya, Davlat boshqaruvi akademiyasi
8.

Davlat boshqaruv akademiyasida xotin-qizlarning rahbarlik ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan dasturlar asosida o‘qishni yakunlagan xotin-qizlarning ulushi (foizda)

5 7 9 12 15 Davlat boshqaruvi akademiyasi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya
9.

O‘zb�kistonning chet mamlakatlaridagi elchilari orasida xotin-qizlarning ulushi (sonda)

1 1 2 3 4 Tashqi ishlar vazirligi
10.

Shaharlarda ta’lim olishi lozim bo‘lgan imkoniyati cheklangan qizlarning umumiy sonidan maktab ta’limiga qamrab olingan ushbu toifadagi qizlar ulushi (foizda)

92,7 93 93,5 94,2 94,7 Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi
11.

Shaharlarda ta’lim olishi lozim bo‘lgan imkoniyati cheklangan o‘g‘il bolalarning umumiy sonidan maktab ta’limiga qamrab olingan shu toifadagi o‘g‘il bolalar ulushi (foizda)

93,9 94,2 94,8 95,8 96,4
12.

Qishloqlarda ta’lim olishi lozim bo‘lgan imkoniyati cheklangan qizlarning umumiy sonidan maktab ta’limiga qamrab olingan shu toifadagi qizlar ulushi (foizda)

90,8 91,5 92,2 93,1 94
13.

Qishloqlarda ta’lim olishi lozim bo‘lgan imkoniyati cheklangan o‘g‘il bolalarning umumiy sonidan maktab ta’limiga qamrab olingan shu toifadagi o‘g‘il bolalar ulushi (foizda)

92,6 93,2 93,9 94,7 95,2
14.

Ilmiy, muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish sohalari bitiruvchilari orasida xotin-qizlar ulushi (foizda)

6 7 8 9 10 Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi
15.

1 — 4 sinflarda bolalarda o‘qish va matematikani o‘zlashtirish darajasi (foizda)

98 99 100 100 100 Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi
16.

5 — 9 sinflarda o‘quvchilarda adabiyot va matematikani o‘zlashtirish darajasi (foizda)

96 97 98 99 100
17.

Umumiy o‘rta ta’lim sohasidagi o‘qituvchilar orasida xotin-qizlar ulushi (foizda)

70,3 70 69,7 69,5 69 Xalq ta’limi vazirligi,
Davlat statistika qo‘mitasi
18.

Umumiy o‘rta ta’lim sohasidagi o‘qituvchilar orasida erkaklar ulushi (foizda)

29,7 30 30,3 30,5 31
19.

O‘rta maxsus, professional ta’lim sohasidagi o‘qituvchilar orasida xotin-qizlar ulushi (foizda)

44,5 44,5 47,5 49 50 Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi,
Davlat statistika qo‘mitasi
20.

O‘rta maxsus, professional ta’lim sohasidagi o‘qituvchilar orasida erkaklar ulushi (foizda)

50,5 50,4 50,3 50,2 50
21.

Oliy ta’lim sohasidagi o‘qituvchilar orasida xotin-qizlar ulushi (foizda)

40 42 45 47 50
22.

Oliy ta’lim sohasidagi o‘qituvchilar orasida erkaklar ulushi (foizda)

60 58 56 53 50
23.

Nodavlat ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilar orasida xotin-qizlar ulushi (foizda)

30 32 33 34 35 Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Davlat statistika qo‘mitasi
24.

Nodavlat ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchilar orasida erkaklar ulushi (foizda)

70 68 67 66 65
25.

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega ayollar soni

1 411 1 750 2 250 2 850 3 700 Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Oliy attestatsiya komissiyasi,
Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, tasarrufida OTM va ITM mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar
26.

Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega eraklar soni

4 154 5 100 6 400 8 100 10 150
27.

Fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega ayollar soni

271 450 650 950 1 400
28.

Fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega erkaklar soni

1 052 1 350 1 600 2 100 2 750
29.

Fertil yoshdagi ayollarni zamonaviy kontratseptiv vositalar bilan qamrab olish darajasi (foizda)

47,4 47,5 47,5 47,6 47,8 Sog‘liqni saqlash vazirligi
30.

100 000 nafar xotin-qizlar orasida OIV infeksiyasi yuqqan ayollar intensiv ko‘rsatkichi

10,5 8,1 6,3 5,1 3,3 Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika OITSga qarshi kurash markazi
31.

100 000 nafar o‘g‘il bolalar (erkaklar) orasida OIV infeksiyasi yuqqan erkaklar intensiv ko‘rsatkichi yuqqanlar soni

14,0 10,1 8,8 6,1 5,1
32.

Retrovirus terapiyadan foydalanayotgan OIV infeksiyali ayollar (foizda)

63.3 70 ARVT bilan ta’minlash 75 ARVT bilan ta’minlash 80 ARVT bilan ta’minlash 90 ARVT bilan ta’minlash
33.

Retrovirus terapiyadan foydalanayotgan OIV infeksiyali erkaklar (foizda)

58.3 70 ARVT bilan ta’minlash 75 ARVT bilan ta’minlash 80 ARVT bilan ta’minlash 90 ARVT bilan ta’minlash
34.

Aholi, ayniqsa yoshlar orasida OIV/OITS bo‘yicha o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari miqdori

94 126 258 382 497
35.

Gender jihatlarni hisobga olingan holda ijtimoiy sohadagi ilmiy tadqiqotlar soni (foizda)

0 1 2 3 5 Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Fanlar akademiyasi, tasarrufida OTM va ITM mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar
36.

Yuridik shaxs tashkil etib, unga rahbarlik qilayotgan xotin-qizlar ulushi (foizda)

12 15 17 20 25 Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi
37.

Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sektorlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning ulushi (foizda)

7 9 11 13 15
38.

Qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmatlar ko‘rsatish kesimida band bo‘lgan xotin-qizlarning ulushi (foizda)

23 25 27 30 35
39.

Qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmatlar ko‘rsatish kesimida band bo‘lgan erkaklarning ulushi (foizda)

77 75 73 70 65

40.

Umumiy band bo‘lganlar orasida o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlarning ulushi (foizda)

32 34 36 38 40 Davlat soliq qo‘mitasi
41.

Umumiy band bo‘lganlar orasida o‘zini o‘zi band qilgan erkaklarning ulushi (foizda)

68 66 64 62 60
42.

Umumiy bo‘lmagan soha qishloq xo‘jaligi bandligida norasmiy sektorda band bo‘lgan xotin-qizlarning ulushi (foizda)

17 19 21 23 25 Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
43.

Umumiy bo‘lmagan soha qishloq xo‘jaligi bandligida norasmiy sektorda band bo‘lgan erkaklar ulushi (foizda)

83 81 79 77 75
44.

Shaxsiy yeriga (uy-joyiga) ega bo‘lgan aholi orasida xotin-qizlarning ulushi (foizda)

3 4 5 6 7 Kadastr agentligi
45.

Shaxsiy yeriga (uy-joyiga) ega bo‘lgan aholi orasida erkaklarning ulushi (foizda)

97 96 95 94 93
46.

Shahar hududida xususiy mulk egasi xotin-qizlar bo‘lgan firmalar ulushi (foizda)

7 9 11 13 15 Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi
47.

Shahar hududida xususiy mulk egasi erkaklar bo‘lgan firmalar ulushi (foizda)

93 91 89 87 85
48.

Qishloq hududida xususiy mulk egasi xotin-qizlar bo‘lgan firmalar ulushi (foizda)

3 4 5 6 7
49.

Qishloq hududida xususiy mulk egasi erkaklar bo‘lgan firmalar ulushi (foizda)

97 96 95 94 93
50.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar orasida xotin-qizlar ulushi (foizda)

35 36 37 38 40 Savdo-sanoat palatasi, Davlat xizmatlari agentligi
51.

Barcha ko‘rinishlarda kam ta’minlangan hisoblanuvchi barcha yoshdagi xotin-qizlar ulushi (foizda)

40 39 38 37 35 Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi,
Davlat statistika qo‘mitasi
52.

Barcha ko‘rinishlarda kam ta’minlangan hisoblanuvchi barcha yoshdagi erkaklar ulushi (foizda)

37 36 35 34 33
53.

Mobil telefonga ega bo‘lgan xotin-qizlarning ulushi (foizda)

62 63 65 67 70 Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi
54.

Mobil telefonga ega bo‘lgan erkaklarning ulushi (foizda)

78 79 81 83 85
55.

Jamoat transportidan foydalanayotgan xotin-qizlar ulushi (foizda)

87 88 89 90 91 Transport vazirligi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi
56.

Jamoat transportidan foydalanayotgan erkaklash ulushi (foizda)

87 88 89 90 91
57.

Rasman ishsiz deb hisoblanuvchi xotin-qizlarning ulushi (foizda)

12,8 12,5 12 11,5 11 Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi
58.

Rasman ishsiz deb hisoblanuvchi erkaklarning ulushi (foizda)

6,1 5,9 5,6 5,3 5,0
59.

Erkaklar va ayollar mehnatiga haq to‘lashdagi farq (foizda)

30 29 28 27 25 Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi

60.

OAVda chop etilgan oilaviy munosabatlarda xotin-qizlar va erkaklarning o‘rnini oshirishga qaratilgan materiallar soni

1190 1340 1480 1650 1780 AOKA,
O‘zA,
MTRK,
EOAVMA
61.

Bolalar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi, ularning savodxonligini oshirishga ko‘maklashuvchi teledasturlar soni

3450 3700 3900 4100 4300 MTRK,
EOAVMA