“Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ qoʻshma korxonasiga OAV vakillari uchun press-tur tashkillashtirildi

// 22.06.2022 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (2.02 MB)

Joriy yilning 22-iyun sanasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan “Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ qoʻshma korxonasiga OAV vakillari uchun press-tur tashkillashtirildi. Unda press-tur ishtirokchilari zavod faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari, yangi loyihalar, ishchilarga yaratilayotgan sharoitlar va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishishdi.

Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan “Qoʻngʻirot soda zavodi” 2006-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumani Ustyurt tekisligida qurilib ishga tushirilgan. Zavodni qurishdan maqsad mahalliy xom ashyoni kompleks qayta ishlashga jalb qilish va bu orqali import oʻrnini bosadigan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, xalq xoʻjaligi tarmoqlarining kalsinatsiyalangan sodaga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish hisoblangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 16-noyabrdagi PQ-1853-sonli qarori asosida Qoʻngʻirot soda zavodining kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming tonnadan 200 ming tonnaga yetkazish loyihasi amalga oshirildi. Loyiha boʻyicha Jamansoy ohak toshi kareri quvvatini yiliga 240 ming tonnadan  400 ming tonnaga, Barsakelmes tuz koni quvvati yiliga 330 ming tonnadan 470 ming tonnagacha kengaytirildi.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida qoʻshimcha 400 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilib, jami 1800 ga yaqin fuqaro ish bilan taʼminlanishiga erishildi. Korxona xodimlarining ish vaqtidan unumli foydalanish uchun 2021-yil iyul oyidan boshlab barcha xodimlarga 3 smenada bepul issiq ovqat bilan taminlash yoʻlga qoʻyilgan.

“Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ qoʻshma korxonasida kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish jarayoni anʼanaviy Solve uslubida amalga oshiriladi. Jarayonning oʻziga xos farqi ohak toshni koks yoki koʻmir bilan emas, balki tabiiy gaz bilan kuydirish hisoblanadi.

Texnologik obyektlarni qurish Xitoyning «CITIC» kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirildi. 2016-yilning avgust oyida loyiha boʻyicha qurilish ishlari yakunlanib, Qoʻngʻirot soda zavodining kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish quvati yiliga 200 ming tonnaga yetkazildi.

Zavod ishlab chiqarish quvvati oshirilganidan keyin, oxirgi besh yil ichida 1 mln tonnadan ortiq kalsinatsiyalangan soda mahsuloti ishlab chiqarilib, shundan 300 ming tonnadan ortigʻi eksportga va 700 ming tonna mahsulot ichki bozorga sotilishiga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi PQ-4992-son qarori ijrosi doirasida “Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ qoʻshma korxonasi “Uz-Kor Gaz Chemical” MCHJ QK  bilan hamkorlikda yiliga 20,6 ming kub.metr atmosferani ifloslantiruvchi karbonat angidrid (98-99%) tashlama gazlarini qayta ishlash loyihasini  ishga tushirdi. Mazkur loyiha korxona ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirib, yiliga qoʻshimcha 10 ming tonnaga yaqin kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish imkoniyatini yaratdi. Shuningdek, loyihani ishga tushirish natijasida texnologik jarayonlardagi karbonat angidrid gazi miqdori 40 foizgacha yetkazilib, mazkur omil texnologik jarayonlarning yaxshilanishi, asosiy uskunalarning barqaror ishlashini taʼminlashga hamda xom ashyolar sarfining kamayishiga imkon yaratadi.

2021-yil 7-dekabr kuni osh tuzi ishlab chiqarish sexi qaytadan ishga tushirildi. Osh tuzi ishlab chiqarish sexi qayta ishga tushishi natijasida 12 nafar kishini ish bilan taʼminlashga, oyiga 850 tonnagacha tozalangan maydalangan osh tuzi ishlab chiqarish va xaridorlarga yetqazib berishga erishildi.

OAV vakillari uchun “Qoʻngʻirot soda zavodi” MCHJ QKda oʻtkazilgan press-tur doirasida “Sahrodagi Luvr” nomi bilan mashhur boʻlgan Nukus shahridagi Savitskiy muzeyiga ham sayohat uyushtirildi.

 «Oʻzkimyosanoat» AJ Matbuot xizmati