«Maxam-Chirchiq» va «Ammafos-Maxam» korxonalari atmosferani me'yoridan ortiq ifloslantirayotgani haqidagi xabarga izoh berildi

// 14.09.2019 Bosma ko'rinish Yuklab olish: pdf (50.68 KB)

“O'zkimyosanoat” AJ matbuot xizmati Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish Davlat qo'mitasi veb-saytida “O'zkimyosanoat” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalarda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat ekologik nazorati amalga oshirildi” sarlavhali axborotga munosabat bildirdi.

“Maxam-Chirchiq” va “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish Davlat qo'mitasi veb-saytida yoritilgan axborotda ko'tarilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi”, deyiladi unda.

Ma'lum qilinishicha, “Maxam-Chirchiq” AJ tomonidan 2018 yilda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari bajarilishiga 307,2 mln. so'm va 76 ming AQSh dollari sarflangan.

“Atrof-muhitga ta'sirning o'rnatilgan normativlariga rioya qilinishning idoraviy nazoratini amalga oshirish, sanoat tashlanmalarda, oqova va tabiiy suvlarda zararli kimyoviy moddalar tarkibi ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek, oqova suvlar, changyutgich va gaz tozalash qurilmalari ishining samaraligini nazorat qilish uchun korxonalarda akkreditatsiyalangan sanitar laboratoriyalari faoliyat olib boradi. Nazoratni kuchaytirish maqsadida korxonaning sanitar himoya zonasida, Chirchiq shahri va unga yondosh hududlarini nazorati har ikki soat davomida sanitar laboratoriya vakillari tomonidan olib borilmoqda.

Havo tarkibini uzluksiz nazorat qilish uchun ishlab chiqarish sexlari hududida 11 ta gaz tahlil uskunalari joylashtirilgan hamda onlayn nazorat qiluvchi 3 ta turg'un postlari Chirchiq shahar va unga yondashgan hududlar atmosfera havo va zararli moddalar tarkibini aniqlash uchun o'rnatilgan. Ulardan olingan axborotlar Gidrometeorologiya hududiy xizmatiga onlayn tarzda berib boriladi”, deya ma'lumot beriladi munosabatda.

“O'zkimyosanoat” AJ matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, “Maxam-Chirchiq” AJ tomonidan atmosfera havosiga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini kamaytirish maqsadida joriy yil avgustda karbamid va ammiakli selitra ishlab chiqarish sexlarida Dzerjinsk karbamid ilmiy tadqiqot instituti, Moskva davlat azot ishlab chiqarish loyihalashtirish institut (Rossiya)lari tomonidan ekologik audit o'tkazilgan. Audit natijalari bo'yicha yo'l xaritasi ishlab chiqilgan bo'lib, unga asosan tozalash inshootlari modernizatsiya qilinadi, texnologik o'zgartirishlar kiritilish ishlari amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, “Ammofos-Maksam” AJ ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish loyhasini amalga oshirish ta'minlandi, absorbtsiya qilish moslamalari zamonaviy, energiya tejaydigan qurilmalarga almashtirildi va modernizatsiya qilindi. Ushbu loyihani joriy yil sentabr oyi oxirigacha amalga oshirish natijasida atmosferaga ammiak tashlanishi yilliga 36,6 tonna va ftorli vodorod 3,4 tonnaga kamaytiriladi.

Shuningdek, yuqorida aytib o'tilgan axborotda keltirilgan ba'zi ma'lumotlarga oydinlik kiritilgan.

Jumladan, axborotda “«MAXAM-CHIRCHIQ» AJning perimetri bo'ylab vodorod sulfid miqdori 4,5-7,4 marotaba yuqoriligi aniqlandi”, deb ko'rsatilgan, lekin texnologik ishlab chiqarish jarayonida vodorod sulfidi ishlatilmaydi va atmosferaga tashlanmaydi. Korxonaga tutash hududda boshqa tashkilotlar ham faoliyat yuritilishini inobatga olish lozim. Xuddi shunday holat “Ammofos-Maxam” AJ faoliyatini yoritishda ham namoyon bo'lgan. Ya'ni axborotda “Yuqoridagi o'rganishlar «AMMOFOS-MAXAM» AJda ham o'tkazildi, havo tarkibida oltingugurt moddasi miqdori ruxsat etilgan me'yordan 2,6 martaga ortganligi aniqlandi” deb ta'kidlangan, aslida korxonadagi oltingugurt kislotasi ishlab chiqarish faoliyati 2017 yil 9 noyabridan to'xtatilgan.

Ta'kidlanishicha, “O'zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jamiyat tizimidagi korxona-tashkilotlar hududi va ularga tutash hududlarda “Atrof-muhit himoyasiga barchamiz mas'ulmiz!” shiori ostida hududni ko'kalamzorlashtirish loyihasi ishlab chiqilgan bo'lib, ushbu loyiha Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish Davlat qo'mitasi bilan hamkorlikda sentabr oxirida amalga oshiriladi.

Manba: kun.uz